MIIT rahbari Laziz Kudratov Professional Menejment Dasturining bitiruvchilariga sertifikatlar topshirdi
2025-07-28 12:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 28-iyul kuni Xalqaro biznes markazida O‘zbekiston-Yaponiya markazi qoshida amalga oshirilayotgan Professional Menejment Dasturining (PMP-46) 46-navbatdagi oqimini tamomlagan bitiruvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tantanali tadbirda yuqori martabali rasmiylar, diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilarga tabrik so‘zlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi departamenti rahbari Alisher Payg‘amov, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Takashi Hatori, Yaponiyaning xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Yoshibumi Bito va O‘zbekiston-Yaponiya markazi Yaponiya tomonidan direktor Hiroo Ivazaki murojaat qildilar.
Tadbir davomida Laziz Kudratov PMP dasturi zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yangi avlod professionallarini tayyorlashga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Unga ko‘ra, bitiruvchilar olgan bilimlar nafaqat o‘z bizneslarini rivojlantirishga, balki mamlakat iqtisodiy o‘sishiga ham hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, O‘zbekiston-Yaponiya markazi ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik ko‘prigi sifatida muhim ahamiyatga ega ekani alohida qayd etildi.
Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha PMP dasturining umumiy bitiruvchilari soni 2500 nafardan oshgan. 2024-yilda markaz tomonidan “Japan Center 2.0” strategiyasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Buning natijasida Yaponiya va O‘zbekiston ishbilarmon doiralarining qo‘shma tadbir va forumlardagi ishtiroki sezilarli darajada kengaydi.
An’anaga muvofiq, marosim davomida o‘qishda yuqori natijalarga erishgan bitiruvchilar taqdirlandi. Ular JICA, Prezident Administratsiyasi va Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan faxriy mukofotlar bilan taqdirlandilar.
Marosim ustozlar va bitiruvchilarning iliq so‘zlari hamda esdalik uchun suratga tushish bilan yakunlandi.









