MIIT Turk davlatlari ikkinchi savdo forumida ishtirok etdi
2025-06-19 09:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 10–12-iyun kunlari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida Turk davlatlarining ikkinchi savdo forumi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari boshchiligida ishtirok etdi.
Forum 20 dan ortiq davlatdan kelgan tadbirkorlar va biznes vakillarini birlashtirdi. Unda 50 dan ortiq o‘zbek korxonalari yagona "Made in Uzbekistan" brendi ostida o‘z mahsulotlarini namoyish qildi. Ekspozitsiyalarning asosiy yo‘nalishlari elektronika, to‘qimachilik, farmatsevtika va mebel mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarishga bag‘ishlandi.
Forum doirasida vazirlik delegatsiyasi Ozarbayjonning yirik importchilari bilan qator B2B uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazdi. Ular orasida Greyenstream International, Uni Tiles MMC, International Logistic Group, Nabucco A&C, MR Group, Hayat, Sahil Inshaat 2020 va boshqa yetakchi savdo-distribyutorlik va qurilish kompaniyalari mavjud.
Uni Tiles MMC kompaniyasi "New Best Style", "Lux Ceramics Group", "Zhong Peng Ceramics Group International" hamda "Ekokerama" kabi o‘zbek ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlariga alohida qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida "Uni Tiles MMC" va "Oʻzsanoatqurilishmateriallari" assotsiatsiyasi o‘rtasida 2025-yil oxirigacha qiymati 1 million AQSh dollariga teng qurilish materiallarini O‘zbekistondan yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, "New Best Style" va "Sahil Inshaat 2020" kompaniyalari o‘rtasida 500 ming dollarlik eksport shartnomasi imzolandi — u PVX dekorativ panellarni yetkazib berishni nazarda tutadi.
Ozarbayjon Quruvchilar va Ishlab chiqaruvchilar Assotsiatsiyasi (ATIA) bilan hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi — tomonlar qurilish materiallari bo‘yicha o‘zaro savdoni rivojlantirishga kelishib oldi.
To‘qimachilik sohasida ham kelishuvlarga erishildi: MMS Universal Trade XI (Ozarbayjon) va Artatex (O‘zbekiston) kompaniyalari o‘rtasida tayyor trikotaj mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha bitim tuzildi, shuningdek "Orzu-Teks" tomonidan muntazam ravishda 35 tonna bo‘yalgan trikotaj yetkazib berish haqida kelishuvga erishildi.
Imzolangan eksport shartnomalarning umumiy qiymati qariyb 68 million dollarni tashkil etdi. Ular tarkibida 10 ming m² kermogranit va plitka, bolalar va maxsus kiyimlar, 5 ming dona iqlim texnikasi va boshqa mahsulotlar ham bor.
2025-yil oxirigacha umumiy eksport hajmini 350 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Bokudagi Turk davlatlari savdo markazida 1500 m² maydonda O‘zbekiston mahsulotlari uchun doimiy shou-rum ochish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishildi. Bu esa o‘zbek mahsulotlarining Ozarbayjon bozoridagi barqaror ishtirokini ta’minlashda muhim qadam bo‘ladi.
