Toshkent xalqaro investitsiya forumi: fakt va raqamlar
2025-06-13 01:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 9-12-iyun kunlari turli manzillarda Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi.
Joriy yilda Forum 8 mingdan ortiq ishtirokchini, jumladan, 97 mamlakatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonni jalb qildi. Bunday keng ko‘lamdagi ishtirok O‘zbekistonga bo‘lgan ishonch va qiziqish ortib borayotganidan dalolat beradi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki yirik tadbir — Forumning ochilishida va Xorijiy investorlar kengashining 3-sessiyasiga ishtirok etdi. Ushbu muhim uchrashuvlar yetakchi xalqaro investorlar, davlat idoralari, moliya institutlari va biznes vakillarini birlashtirdi.
Forumning xalqaro miqyosda keng yoritilishini 31 mamlakatdan 114 nafar akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist va media ekspertlar ta’minladi. Ular orasida dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari bor: CNN (AQSH), Euronews (Yevropa Ittifoqi), The Guardian (Buyuk Britaniya), ZDF (Germaniya), Al Jazeera (Qatar), Diplomat Magazine (Niderlandiya), EU Reporter (Belgiya), Daily Times (Pokiston) va Doha News (Qatar).
TXIF-2025 doirasida dunyoning o‘nlab mamlakatlaridan 150 dan ortiq nufuzli spikerlar — investorlar, iqtisodiy ekspertlar va rasmiylar ishtirokida 36 ta panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.
Forumning bu yilgi yana bir yangiligi — O‘zbekistonning sanoat salohiyatini aks ettiruvchi keng ko‘lamli sanoat ko‘rgazmasi o‘tkazilishidir. Xususan, 12 000 kvadrat metr maydonda 100 nafar o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi xorijiy mehmonlarga elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, charm sanoat, qurilish materiallari, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, metallurgiya, energetika, avtomobilsozlik, kimyo, moliyaviy xizmatlar, IT, turizm va boshqa sohalarda o‘z mahsulotlari, yangiliklari va loyiha takliflarini taqdim etdi.
Ko‘rgazmaga har kuni 2 000 dan ortiq kishi tashrif buyurdi, uning maydonlarida B2B va B2G formatlarida 500 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi.
TIF-2025 doirasida umumiy qiymati 30,5 milliard dollarlik investitsiya kelishuvlari va savdo shartnomalari imzolandi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Forum yakunlarini sarhisob qilar ekan, quyidagilarni ta’kidladi: «Ushbu muhim voqealarning barchasi yetakchi xalqaro investorlarni, davlat organlari, moliya institutlari va ishbilarmon doiralar vakillarini birlashtirdi. Biz kelgusi yilda Toshkentda yangi g‘oyalar, ilg‘or tashabbus va innovatsion formatlar bilan yana bir bor uchrashishni intiqlik bilan kutib qolamiz».






