Toshkentdagi Xalqaro moliya markazi: Ushbu loyihalar investorlarning qanday asosiy ehtiyojlarini qondira oladi?
2025-06-12 21:30:00 / Yangiliklar

«O‘zbekiston so‘nggi yillarda hayratlanarli yutuqlarga erishdi: mamlakat katta investitsiyalarni jalb qildi, ko‘plab yangi ish o‘rinlarini yaratdi va ochiq, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotni shakllantirdi». Toshkentda o‘tayotgan Xalqaro investitsiya forumining so‘nggi kunida bo‘lib o‘tayotgan panel sessiyasini moderator - xalqaro moliya markazlari bo‘yicha maslahatchi Alyona Dolgova shunday so‘zlar bilan ochib berdi. Sessiya «Toshkentdagi Xalqaro moliya markazi: ushbu loyihalar investorlarning qanday asosiy ehtiyojlarini qondira oladi?» mavzusiga bag‘ishlandi.
Xalqaro moliya markazlarining muvaffaqiyati haqida gapirar ekan, Frankfurt Main Finance bosh direktori Xubertus Vets asosiy omil ishonch ekanligini ta’kidladi:
«Investitsiya kiritar ekansiz, bilishingiz kerak bo‘lgan eng muhim narsa - pulingizni qaytarib olasizmi, foiz va dividendlar bilan bo‘lsa yanada yaxshi. Qonunchilikka ishonch va uning barqaror ishlashi har qanday moliyaviy markazni yaratishda asosiy poydevor hisoblanadi», - deya tushuntirdi u.
So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston iqtidorli yoshlarining yuksak salohiyatini bir ovozdan e’tirof etishdi. Bu omil Toshkent shahrida Xalqaro moliya markazi tashkil etilishida muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. Marius Dan bugungi kunda xorijda katta ish tajribasiga ega bo‘lgan o‘zbekistonliklar o‘z vataniga qaytayotganini va bunday mutaxassislar kompaniyalarga katta yordam ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidladi.
Shuningdek, Marius Dan 2026-yilning birinchi yarmida yakunlanishi kutilayotgan O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining IPO‘siga tayyorgarlik ko‘rish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
«Fikrimcha, jamg‘arma tuzilmasi juda jozibador. Bank, energetika, logistika kabi sohalarda davlat ulushi bo‘lgan 18 ta kompaniyamiz bor. O‘tgan hafta biz Londonda O‘zbekistonning mamlakat sifatidagi va O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining taqdimotini o‘tkazdik. Shaxsan men turli investorlar tomonidan katta qiziqish borligini ko‘rdim - bu O‘zbekistondagi loyihalarga global talab yuqori ekanligini ko‘rsatadi», - deya qo‘shimcha qildi u.
Dunyoga mashhur moliya bozori, Rotshildlar sulolasi vakili Ariel Malard de Rotshild O‘zbekistondagi rivojlanish va islohotlar darajasi Yevropaning eng jozibador davlatlaridan biriga aylangan Polshani eslatishini ta’kidladi.
«2020-yildan buyon O‘zbekistonda ishlayapmiz. Avvaliga biz Coca-Cola Uzbekistan’ni xususiylashtirishda ishtirok etdik - bu hukumat tomonidan juda oqilona qaror edi. Ayni paytda biz ikkinchi yirik davlat banki SQBni xususiylashtirish, shuningdek, Navoiy kon-metallurgiya kombinatini (NKMK) IPO qilish ustida ishlayapmiz. Bundan tashqari, «O‘ztransgaz»ni modernizatsiya qilish va Mobiuz kompamiyasini xususiylashtirish jarayonida ishtirok etmoqdamiz», - dedi Ariel Malard de Rotshild.
Rotshild xonim O‘zbekistonning iqtisodiy ko‘rsatkichlari, jumladan, iqtisodiyotning yillik o‘sishi 6 foizdan oshishi hozirgi sharoitda dunyoda kamdan-kam uchraydigan hodisa ekanini, kichik va o‘rta biznesning faol rivojlanishi esa bu o‘sishda asosiy rol o‘ynashini ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu panel sessiyasida quyidagilar spikerlar ishtirok etishdi:
• Saif Malik, Standard Chartered kompaniyasining bosh ijrochi direktori
• Xyu Morshed, Henley & Partners Holdings kompaniyasi vitse-prezidenti
• Denis Spirin, Prosperity Capital Management korporativ boshqaruv bo‘yicha direktori
• Abdulahad Qo‘chqorov, IT Park bosh ijrochi direktori
Tadbirda Toshkentdagi Xalqaro moliya markazining raqobatbardosh ustunliklari, shuningdek, O‘zbekistonning moliya sektoridagi global roli va uni yanada rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Ishtirokchilar mamlakatning investitsiyaviy salohiyatini oshirish bo‘yicha o‘z qarashlari va strategiyalarini taqdim etib, bunday moliya markazlari xalqaro investorlar uchun ochayotgan yangi imkoniyatlarga e’tibor qaratishdi.
Toshkent xalqaro moliya markazi va «Enterprise Uzbekistan» kabi loyihalar mamlakatdagi investitsiya muhitini yaxshilash va global kapitalni jalb qilish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan muhim tashabbuslar sifatida ishtirokchilar tomonidan ijobiy baholandi.









