Renessans beshigidan kelajakni barpo etishga qadar
2025-06-12 19:05:00 / Yangiliklar

“Kelajakdagi binolar samolyotlar kabi qurilish maydonida emas, balki zavodda yig‘iladi”.
- David Fisher, Dynamic Architecture asoschisi
“Hech kim hatto arxitektura uchun ham ortiqcha pul to‘lashni xohlamaydi. Odamlar ixcham kvartiralarni tanlashadi, lekin qulay shahar muhiti va ekotizimni talab qilishadi”.
- Vladimir Ivanov, Spectrum Group boshqaruvchi hamkori
“Agar siz boshidanoq sifatli qilib qurmasangiz, bir necha yil ichida yuz dollarlik loyiha ikki yuz dollarga tushishi mumkin”.
- Filipp Dessay, BESIX guruhi bosh direktori, CICA prezidenti
Toshkent xalqaro investitsiya forumining so‘nggi kunida mintaqaning eng yirik shaharsozlik loyihasi - Yangi Toshkentga e’tibor qaratgan xalqaro ekspertlar, investorlar va me’morlarni birlashtirgan “Renessans beshigidan kelajakni barpo etishga qadar” qiziqarli va mazmunli panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdulla Abduqodirov moderatorlik qildi.
Dynamic Towers - dinamik osmono‘par binolar konsepsiyasini taqdim etgan Devid Fisher bunday loyihani Toshkentda amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday binolarni qurish osonroq, arzonroq va tezroq, chunki barcha qavatlar unifikatsiya qilingan va zavodda yig‘iladi. Bu yuqori sifat, energiya samaradorligi va minimal foydalanish xarajatlarini ta’minlaydi. Dinamik binolarga ega noodatiy loyiha tez orada Amerikaning yirik shaharlaridan birida amalga oshiriladi va bir vaqtning o‘zida bunday loyiha O‘zbekistonda ham boshlanish ehtimoli mavjud. Loyiha xarajatlarning 85 foizigacha qoplanadigan Italiya eksport krediti orqali moliyalashtirilishi rejalashtirilgan.
Filipp Dessoy o‘z nutqida mintaqada qurilish sifati bosqichma-bosqich yaxshilanib borayotgani, ammo maqbul darajaga erishish uchun hali katta yo‘l bosib o‘tish kerakligini ta’kidladi. “Birinchi martadanoq sifatli qurilmasa, kelajakda qayta qurish va xarajatlar bo‘lishi muqarrar. Bu tejash emas, balki kechiktirilgan zarar”, - deya urg‘u berdi. Shuningdek, u xavfsizlik, ayniqsa, ko‘p qavatli binolarni qurishda muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistonda yosh va salohiyatli mehnat resurslari mavjudligini professionallikni oshirish va yangi standartlarni joriy etish uchun asos sifatida ijobiy baholadi.
Vladimir Ivanov kelajakdagi megapolislar faqat investorlar uchungina emas, balki eng avvalo odamlar uchun yaratilishi kerakligini alohida ta’kidladi. U yosh avlodning istaklari bilan tanishtirar ekan, Yangi Toshkent aholisi - ayniqsa, Alfa avlodi butunlay boshqacha hayot tarziga intilishini ta’kidladi. Ular ko‘proq tabiat, individual harakatchanlik, aqlli infratuzilma va kommunal xizmatlar uchun minimal xarajatlarni xohlashadi. “Ular (yoshlar) shunday deyishmoqda: “Arxitekturadan ko‘zlarim va hissiyotlarim bilan zavqlanaman. Uni borib ko‘raman, ammo o‘zim uchun ixcham, kichik xonadon sotib olaman. Menga ko‘p kvadrat metr kerak emas, ularga pul sarflamoqchi emasman. Ko'chaga chiqqanimda, o'sha yerda qulay bo'lishini xohlayman. Do'stlarim bilan o'ynagani, sport bilan shug'ullangani joy bo'lishini xohlayman, rivojlanish uchun imkoniyat bo'lsin” va hokazo.Qizig‘i; biz, bizning avlod katta xonadonga ega bo‘lishni xohlar edik va bu yo‘lda uzoq yurdik. Ammo ular boshqacha, biroz boshqacha hayot kechirishadi”, - deya ta’kidladi Ivanov.
U shuningdek, aholi zichligi past bo‘lgan sharoitda shahar infratuzilmasi qimmatga tushishini ta’kidlab, loyihachilarni makon, iqtisodiyot va barqarorlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlashga chaqirdi. Shaharsozlikning eng muhim tamoyillari sifatida u raqamlashtirish, ekologik materiallardan foydalanish, tarix bilan bog‘liqlik va ESG masalalariga e’tibor qaratishni ko‘rsatib o‘tdi. “Toshkent allaqachon mamlakatning yalpi ichki mahsulotining 20 foizidan ko‘prog‘ini ta’minlamoqda. Yangi shahar rivojlanishi bilan bu ulush yanada ortadi - chunki aynan shu yerda qo‘shimcha qiymat yaratishni biladigan odamlar yashaydi va ishlaydi”, - deya xulosaladi u.
Sessiya Toshkent butun Markaziy Osiyoning asosiy o‘sish markazlaridan biriga aylanish salohiyatiga ega ekanligini ta’kidladi. Mintaqa rahbarlari allaqachon manfaatlarning o‘xshashligi va kuch-g‘ayratlarni birlashtirish zarurligi haqida fikr bildirmoqdalar. Jahon miqyosidagi raqobat sharoitida iste’dod, g‘oya va sarmoyani bir nuqtaga to‘play olganlar g‘olib chiqadi. Yangi Toshkent - bu nafaqat zamonaviy shahar, balki investorlar, muhandislar, shaharshunos mutaxassislar va kelajak avlodlar uchun jozibador bo‘ladigan barqaror megapolis modelini yaratish imkoniyatidir.
O‘zbekiston bugunning o‘zidayoq kelajakni yaratmoqda. Aynan Yangi Toshkent kabi loyihalar mintaqaning kelgusi o‘n yilliklardagi qiyofasini belgilab beradi.









