Fintex va elektron tijorat: yangi iqtisodiyotni yaratish
2025-06-12 12:00:00 / Yangiliklar

12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi muvofiqlashtiruvi ostida tashkil etilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida «Fintex va elektron tijorat: yangi iqtisodiyotni yaratish» mavzusida panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekistondagi biznes muhitiga moliyaviy texnologiyalar sohasi qanday innovatsiyalarni olib kirgani va investorlar uchun qanday yangi imkoniyatlar ochgani muhokama qilindi.
Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov o‘z nutqida Rossiyaning fintex va platforma iqtisodiyoti sohasidagi tajribasiga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, Rossiya fintexining muvaffaqiyati ko‘p jihatdan sohaning rivojlanishidan ilgarilab ketmagan, balki unga hamroh bo‘lgan, yuzaga keladigan xatarlarga javob beradigan moslashuvchan tartibga solish tizimi bilan ta’minlangan.
Uzum kompaniyasining hammuassisi va strategiya va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktori Nikolay Seleznyov mamlakat moliyaviy texnologiyalar va elektron tijorat sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarning boshida turganini ta’kidladi.
- Bu butun mamlakat bo‘ylab millionlab o‘zbekistonliklarning kundalik hayotini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan jarayonning boshlanishi, xolos. Yorqin misollardan biri - to‘lov va e-commerce xizmatlarining yagona platforma ostida integratsiyalashuvi bo‘lib, u uzluksiz foydalanuvchi tajribasini ta’minlaydi. Biz 400 dan ortiq shahar va aholi punktlariga ertasi kuni kafolatlangan yetkazib berish bilan millionlab tovarlarni qulay to‘lov usullari, jumladan, bo‘lib to‘lash imkoniyati, ya’ni xaridorga kredit resursi va ajoyib mahsulotdan foydalanish imkoniyatini taqdim etamiz, - deya qo‘shimcha qildi Nikolay Seleznyov.
Ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari xalqaro assotsiatsiyasi (IDCA) asoschisi va raisi Mehdi Paryaviy ta’kidlaganidek, raqamli iqtisodiyot raqamli infratuzilma asosida quriladi. Uning dvigateli esa hisoblash quvvatlarini ta’minlaydigan data-markazlar hisoblanadi.
- Data-markazlar - bu zamonaviy neftni qayta ishlash zavodlari. Agar ilgari mamlakatlar neft qazib olib, uni xomashyo ko‘rinishida sotgan bo‘lsa, keyinroq benzinni qayta sotib olmaslik, aksincha sotish uchun neftni qayta ishlash zavodlarini qura boshlagan. Hozir esa davlatda cheklangan energiya resursi mavjud va energiyani shunchaki eksport qilish o‘rniga, uni data-markazlarni quvvatlantirish uchun ishlatish mumkin. Ochiq iqtisodiyot va xalqaro ittifoqlar mavjud bo‘lgan sharoitda bunday «ma’lumotlar fabrikalari» bugungi kunning eng qimmatli mahsuloti - ma’lumotlarni ishlab chiqaradi, - dedi Mehdi Paryaviy.
Mehdi Paryaviyning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy iqtisodiyot global innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlagan holda ma’lumotlarni yaratish va qayta ishlash qobiliyati asosida qurilgan. Data-markazlar sohasida ham hajm, ham sifat muhim. Spiker shuningdek asosiy muammolarni: energetika, kadrlar, shuningdek, siyosiy masalalarni ham sanab o‘tdi.
- Shunday qilib, hamma narsa strategiyaga bog‘liq: investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha aniq siyosat, energiyani to‘g‘ri taqsimlash, data-markazlarning ustuvorligi, shuningdek, inson kapitalini rivojlantirish zarur. Aholisi yosh va tez o‘sib borayotgan O‘zbekistonda bu ayniqsa muhim. Odamlarga investitsiya kiritish orqali gullab-yashnayotgan raqamli iqtisodiyotni barpo etish mumkin, - deya qo‘shimcha qildi Mehdi Paryaviy.
«Wildberries & Russ» kompaniyasining to‘lov tizimlari va sodiqlik dasturlari bo‘yicha direktori Artyom Feoktistov bugungi kunda «Wildberries & Russ» 10 ta mamlakatda taqdim etilgan xalqaro raqamli platforma ekanligini ta’kidladi. Ularning har birida kompaniya innovatsiyalar, foydalanuvchi tajribasi va mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlashga asosiy e’tiborni qaratadi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun mahalliy qonunchilik ham, har bir bozordagi sheriklik muhitining xususiyatlari ham hisobga olinadi.
- O‘zbekiston - bizning asosiy bozorimiz. Bu yerda biz nafaqat ulkan salohiyatni, balki allaqachon amalga oshirilayotgan loyihalarning yuqori darajasini ham ko‘ramiz. Buning sababi yosh, iqtisodiy faol aholi bo‘lib, ular raqamli va innovatsion yechimlarga barqaror talabni shakllantiradi. Davlat bu tendensiyani ko‘rib, uni 2030-yilgacha bo‘lgan strategiya doirasida qo‘llab-quvvatlayotganini anglash esa yoqimli. Bundan tashqari, mamlakatda fintex uchun qulay tartibga solish muhiti yaratilgan, bu esa O‘zbekistonni innovatsiyalarni joriy etish uchun ajoyib yurisdiksiyaga aylantiradi», - deya qo‘shimcha qildi Artyom Feoktistov.
Payme bosh direktori Stanislav Skvirskiy raqamli texnologiyalar ta’sirida bank sohasining transformatsiyasi haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mijozlar neobanklar foydasiga tanlov qilishadi: agar foydalanuvchi raqamli bankdan bir marta foydalangan bo‘lsa, u buni davom ettiradi. Stanislav Skvirskiy, shuningdek, TBC Bank (Payme TBC Uzbekistan tarkibiga kiradi) besh yildan beri to‘liq raqamli bank sifatida ishlayotganini qo‘shimcha qildi: filiallarsiz va mobil-first yondashuv bilan.
— Foydalanuvchilar barcha to‘lovlarni, pul o‘tkazmalarini amalga oshirishni, kredit olishni, mablag‘larni uydan chiqmasdan, navbatda turmasdan jamg‘arishni afzal ko‘rishlarini kuzatamiz. Shuning uchun biz, ayniqsa O‘zbekistonda kelajak raqamli banklarniki ekaniga chin dildan ishonamiz. Nima uchun? Chunki bu yerda allaqachon protsessing markazi tomonidan taqdim etilgan ochiq API ma’lumotlariga kirish imkoniyati mavjud. Aholining 75 foizida smartfon va internet bor. Bularning barchasi raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va ilovalar hamda raqamli banklar orqali yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ajoyib sharoit yaratadi, — dedi Stanislav Skvirskiy.
Panel sessiyasida moliyaviy texnologiya kompaniyalari va elektron tijoratning iqtisodiy rivojlanishdagi roli, shuningdek, ular biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratishi haqida qiziqarli fikr almashildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning fintex bozoridagi istiqbollari va investorlar uchun ochilayotgan yangi yo‘nalishlar haqida batafsil ma’lumot berildi.









