Toshkentda Markaziy Osiyodagi eng yirik investitsion platforma — IV Xalqaro investitsiya forumi o‘z ishini boshladi
2025-06-10 09:00:00 / Yangiliklar

2025-yil 9-iyun kuni O‘zbekiston poytaxtida mintaqaviy investitsion kun tartibining asosiy tadbiriga aylangan IV Toshkent Xalqaro investitsion forumi (TXIF) ish boshladi. Mazkur forum yetakchi xalqaro investorlar, hukumat vakillari, moliya institutlari va biznes doiralari vakillarini bir joyga to‘pladi.
2025-yildagi forum juda katta ko‘lamda o‘tkazilmoqda: xalqaro hamjamiyat e’tiboriga energetika, infratuzilma, qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalarni qazib olish, raqamli texnologiyalar va boshqa strategik muhim sohalarga investitsion loyihalar taqdim etilmoqda.
Forum xalqaro iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash uchun samarali platforma hisoblanadi. Bu yilgi forumda Bolgariya Prezidenti Rumen Radev, Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso, Qozog‘iston Bosh vaziri O‘ljas Bektenov, Qirg‘iziston Vazirlar Kengashi Raisi Adilbek Qosimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Turkmaniston Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari Nokerguli Ataguliyev hamda yirik moliya institutlari rahbarlari — Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso va Yangi taraqqiyot banki prezidenti Dilma Rusef ishtirok etmoqda.
Joriy yilda forum 8 mingdan ziyod ishtirokchini, jumladan, dunyoning 100 ga yaqin mamlakatidan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonni o‘z bag‘riga oldi. Bunday koʻlamdagi ishtirok O‘zbekistonga jadal rivojlanayotgan investitsion hudud sifatida bo‘lgan ishonch va qiziqishning yuqori darajasini ko‘rsatib turibdi.
Forumning asosiy voqeasi — O‘zbekistonning sanoat va investitsiya salohiyatini namoyish etuvchi birinchi Milliy ko‘rgazma bo‘ldi. Unda esa, neft-kimyo, mashinasozlik, qurilish sanoati va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi 10 dan ortiq tez rivojlanayotgan sohalar boʻyicha 90 ta kompaniya o‘z mahsulotlarini taqdim etdi. Ushbu ko‘rgazma investorlarga O‘zbekistondagi mavjud imkoniyatlar va hamkorlikka tayyor loyihalar haqida to‘liq tasavvur hosil qilish uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Forumni 31 mamlakatdan tashrif buyurgan 114 nafar akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalist va media mutaxassislar xalqaro miqyosda keng yoritmoqda. Ular orasida dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari: CNN (AQSh), Euronews (Yevropa Ittifoqi), The Guardian (Buyuk Britaniya), ZDF (Germaniya), Al Jazeera (Qatar), Diplomat Magazine (Niderlandiya), EU Reporter (Belgiya), Daily Times (Pokiston) va Doha News (Qatar) kabi nashrlar bor.
IV TXIF bir necha kun davom etadi va panel muhokamalari, loyihalar taqdimotlari, ikki tomonlama uchrashuvlar hamda O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan investitsiyaviy sherikligini yanada mustahkamlashga qaratilgan bitimlarni imzolashni o‘z ichiga oladi.
Bu yil Forum homiylari ro‘yxati sezilarli darajada kengaydi, bu esa yetakchi kompaniyalar va investitsion tashkilotlarning tadbirga qiziqishi tobora ortib borayotganini ko‘rsatmoqda. Platina homiylar: Acwa Power, Uzum, Koc Construction va Yandex Uzbekistan. Ipoteka Bank (OTP Group), RWB va Vision Invest oltin homiylar sifatida ishtirok etmoqda. UzOman Investment Company, StoneX, Halyk, Squire Patton Boggs, Datavolt, European Investment Bank, Miahona, Aksa, Coca-Cola, TBC Uzbekistan va PWC esa kumush homiylar hisoblanadi.
