Laziz Kudratov Sloveniya Respublikasi Prezidenti maslahatchisi bilan uchrashdi
2025-04-18 21:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni izchil rivojlantirmoqda, hamkor mamlakatlar geografiyasini kengaytirmoqda.
18-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Sloveniya Respublikasi Prezidentining xalqaro aloqalar bo‘yicha maslahatchisi, Lyublyana universiteti professori Zlatko SHabich bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga e’tibor qaratdilar.
2024-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi bilan Sloveniya Respublikasi o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 175 million dollardan oshdi, eksport hajmi esa o‘tgan yilga nisbatan 25 foizni tashkil etdi. Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragida eksport hajmi 20 barobardan ortiq oshdi, import esa 10 foizga kamaydi va tovar ayirboshlash hajmi 127 million dollarga yetdi.
Muloqot chog‘ida tomonlar ishbilarmonlarning o‘zaro hamkorligini faollashtirish uchun barcha mavjud imkoniyat va mexanizmlardan foydalanish zarurligi to‘g‘risida yakdil fikrga keldi. Bunda qoʻshma tadbir va koʻrgazmalar oʻtkazish, biznes missiyalar tashkil etish, ikki davlat tadbirkorlarini Oʻzbekistonda ham, Sloveniyada ham yaratilgan sarmoyaviy imkoniyatlar bilan keng tanishtirish nazarda tutilmoqda.
Ikki mamlakatning eksport salohiyati, jumladan, yirik mintaqaviy bozorlarga imtiyozli kirish va O‘zbekistonning GSP+ benefitsiar davlati maqomi alohida muhokama qilindi. O‘zbekistonda talab yuqori bo‘lgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va kelgusida eksport qilish uchun erkin iqtisodiy va sanoat zonalarining keng tarmog‘i mavjud.
Iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlashni nazarda tutgan holda aniq yo‘nalishlar, xususan, yuqori texnologiyalar, tibbiyot, barqaror energetika va raqamli transformatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari boʻyicha turli darajada muloqotni yanada kengaytirishga oʻzaro tayyorlik bildirildi hamda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, jumladan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni kengaytirish boʻyicha ikki tomonlama chora-tadbirlar ko'rishga kelishib olindi.









