Asosiy kontentga o'tish

“APLF – Leather, Materials+, Fashion Access 2025” charm-poyabzal ko‘rgazmasida O‘zbekiston mahsulotlari namoyish etildi

2025-03-26 16:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi boshchiligidagi O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari delegatsiyasining Gonkongda bo‘lib o‘tgan “APLF – Leather, Materials+, Fashion Access 2025” yirik xalqaro charm, poyabzal va materiallar ko‘rgazmasida ishtirok etishi milliy mahsulotlarni ommalashtirish yo‘lidagi yana bir katta qadam bo‘ldi.

“Made in Uzbekistan” milliy stendi ostida O‘zbekistonning charm-poyabzal mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 10 ga yaqin yetakchi kompaniyalar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi. Eksport mahsulotlarining keng assortimenti vet-blyu, krast, finish, teri mahsulotlari hamda jelatin mahsulotlaridan iborat edi.

Koʻrgazmada Osiyo, Yevropa, Lotin Amerikasi hamda Afrika mamlakatlaridan tashrif buyurgan yetakchi ishlab chiqaruvchi kompaniyalar, distribyutorlar va savdo agentlari, jumladan “Australasian leather Resources Pty Ltd.”, “Pro Leathers Ltd.”, “ATC tannery chemicals”, “Million Mark Ltd.” kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Muzokaralar natijasida, O’zbekistonda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega teri mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, Gongkong poyabzal uyushmasi prezidenti Eddi Lam bilan bo’lib o’tgan uchrashuvda xalqaro poyabzal va xalqaro charm poyabzal ishlab chiqarish zanjirida mahalliy korxonalar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Shu bilan birga, nufuzli brendlarning O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan ishlab chiqaruvchilar bilan autsorsing va franchayzing shaklida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, ko‘rgazma davomida “Xalqaro teri ishlab chiqaruvchilar” jurnali direktori Martin Riker va savdo menejeri Kristina Joinsonlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida, mamlakatimizda charm-poyabzal yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan salohiyatli korxonalarning hamda sohaga taaluqli korxonalarning va ularda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning, shu bilan birga, sohaga oid turli ko‘rgazma va tadbirlarning muntazam rivojini yo‘lga qo‘yish va ularni butun dunyo sanoati vakillariga tanitish bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Shuningdek, ko‘rgazma doirasida Pokistonning “Hint Fashion” charm attorlik mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Mamlakatimizning investitsiya muhiti hamda sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar to‘g‘risida ma’lumotlar bilan tanishgan Pokiston kompaniyasi mahalliy korxonalarimiz tomonidan ishlab chiqarilgan teri mahsulotlarini va tayyor charm-attorlik mahsulotlarini uchinchi mamlakatlarga eksport qilishga kelishib olindi.

 

 

 

 

                

 

 

337

Oxirgi yangilanish: 2025-03-26 16:51:20

“APLF – Leather, Materials+, Fashion Access 2025” charm-poyabzal ko‘rgazmasida O‘zbekiston mahsulotlari namoyish etildi