Rejalar muvofiqlashtirildi: ISSVda Britaniya diplomatik missiyasi rahbari bilan uchrashuv bo'lib o'tdi
2025-03-19 14:00:00 / Yangiliklar

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart bilan uchrashdi. Suhbatda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy va investitsiyalar sohasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari, 2025-yilga mo‘ljallangan tadbirlar jadvalini muvofiqlashtirish masalalariga qaratildi.
Ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishning ijobiy dinamikasi qayd etildi. 2024-yil yakuniga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 352 million dollarni tashkil etdi. O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat, tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik va kimyo sanoati, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida Britaniya sarmoyasi ishtirokidagi 260 korxona faoliyat yuritmoqda. 2024-yilda Buyuk Britaniyadan 1 milliard funt sterlingdan ortiq to'g'ridan-to'g'ri sarmoya kiritildi.
Buyuk Britaniyaga eksport qilinayotgan O‘zbekiston mahsulotlari turlarini kengaytirish, ikki davlat o‘rtasidagi sarmoyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qator takliflar konstruktiv ruhda ko‘rib chiqildi.
Shu nuqtai nazardan, «Developing Countries Trading Scheme» imtiyozlar tizimining barcha afzalliklaridan samarali foydalanish maqsadida ishbilarmon doiralar, fuqarolik jamiyati va davlat idoralari vakillari o‘rtasida O‘zbekiston mahsulotlarining Buyuk Britaniya bozoriga eksportini oshirishning imkoniyatlari to‘g‘risida xabardorlikni oshirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlar, seminarlar va anjumanlar tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.
Buyuk Britaniyaning yetakchi savdo tarmoqlari bilan uzoq muddatli yetkazib berish shartnomalarini tuzgan holda, o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun britaniyalik investorlarni respublikada mahsulot ishlab chiqarish va keyinchalik eksport qilish maqsadida qo‘shma korxonalar tashkil etishga jalb etish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar samaradorligi yuzasidan yakdil fikr bildirildi.
Shuningdek, Britaniya tomoni Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya hukumatlararo komissiyasi tomonidan tegishli hujjat qabul qilingan holda savdoni rivojlantirishning yangi mexanizmlarini taklif qildi. Buyuk Britaniya hukumatining Eksport-kredit agentligi (UKEF) bir qator qo‘shma loyihalar va savdo shartnomalarini moliyalashtirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar barcha muhokama qilingan yo‘nalishlari bo‘yicha hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirishga sobit qolishlarini tasdiqladilar.