O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimi joriy etildi
2025-03-07 09:00:00 / Yangiliklar

Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan investitsiya muhitini yaxshilash, tashqi savdoni rivojlantirish uchun to‘siqlarni bartaraf etish va eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Va bu borada erishilgan yana bir yirik katta yutuq haqida xabar bermoqchimiz. 2024-yil 16-iyul kuni imzolangan “O‘zbekiston va Turkmaniston Hukumatlari o‘rtasida uzoq muddatli savdo-iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risida Bitimga erkin savdo rejimidan istisnolar to‘g‘risida”gi bayonnoma kuchga kirishi uchun zarur tartibotlarning ikki taraflama bajarilishi yakunlandi.
Shu munosabat bilan, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida 2025-yil 25-fevraldan erkin savdo rejimi joriy etildi.
Ma’lumot uchun: ushbu Bayonnoma O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 27-yanvardagi PQ-29-son qarori bilan tasdiqlangan.
2024-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,14 mlrd dollarni tashkil etib, avvalgi yilga nisbatan 5,5 foizga oshgan.
Rejimning joriy etilishi natijasida, ayrim turdagi mahsulotlardan tashqari ikki mamlakatda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan bojxona bojlari bekor qilinib, o‘zaro tovarlar savdosidagi mavjud cheklovlar bartaraf etildi va savdo tartibotlari soddalashtirildi.
Masalan, Turkmanistonga olib kirilayotgan mahalliy sement mahsulotlari (bojxona toʻlovi 100%), toʻqimachilik matolari (50%), mebel (50%), shisha idishlar (50%), suv isitish qozonlari (15%), plastik va polipropilen mahsulotlar (10%), kolbasa va goʻsht mahsulotlari (1 kg uchun 2 dollar), paxta yog‘i (1 kg uchun 1 dollar) bojxona toʻlovlari bekor qilindi.
Bojsiz savdo rejimining qo‘llanishi kelgusida ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va sanoat kooperatsiyalarini rivojlantirish orqali o‘zaro savdo aylanmasi hajmini oshirishga zamin yaratadi.
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan birgalikda Turkmaniston bozoriga mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasida erkin savdo rejimidan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha muntazam tizimli ishlar olib boriladi.