Laziz Kudratov World Government Summit 2025da ishtirok etdi
2025-02-12 13:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11-12-fevral kunlari O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Birlashgan Arab Amirliklarida amaliy tashrif bilan bo‘lib, 2025-yilgi Butunjahon hukumatlar sammitida ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Butunjahon hukumatlar sammiti 2013-yilda BAA vitse-prezidenti va Bosh vaziri, Dubay hukmdori Shayx Muhammad bin Rashid Ol Maktum boshchiligida tashkil etilgan. Tashkilotning vazifasi global muammolarni hal qilish va hukumatlarning keyingi avlodi uchun kun tartibini belgilash uchun innovatsiyalar va texnologiyalarga e'tibor qaratib, boshqaruv kelajagini shakllantirishdan iborat.
WSG BMT, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, XVF, OPEK, JST, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon iqtisodiy forumi kabi global tuzilmalar va jamg'armalar bilan hamkorlik qiladi. Shuningdek, WSG a'zolari ro'yxatiga yirik xalqaro kompaniyalar, jumladan VISA, Qualcomm, Google, Amazon, IBM, Mastercard, M2, SAP, Shneider Electric, AWS, Roblox, Dubai Investments, Cordiant, DFM, Salik, Khazna va boshqalar kiradi.
“Future of Economy Forum” – “The Rise of New Industrial Policy” forumi sessiyasida so‘zga chiqqan Laziz Kudratov mamlakatimizga Markaziy Osiyoda investitsiyaviy xab mavqeini ishonchli egallash, iqtisodiyotni ochish va global muammolarga qaramay barqaror o‘sishni ta’minlash imkonini bergan O‘zbekiston taraqqiyotining hozirgi bosqichining bir qator amaliy jihatlarini aytib o‘tdi.
Xususan, savdo yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, mintaqaviy iqtisodiy integratsiya, JSTga aʼzo boʻlish boʻyicha saʼy-harakatlar, iqtisodiyotning yuqori texnologiyali tarmoqlarini, jumladan, qayta tiklanadigan energiya manbalari, yashil vodorod ishlab chiqarish, IT texnologiyalari rivojlantirish, infratuzilma va EIZlarga investitsiyalar kiritish, raqamli transformatsiya va innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash kabi chora-tadbirlar qayd etildi.
Vazir sessiya ishtirokchilari e’tiborini O‘zbekistonda investorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, xorijiy investitsiyalar to‘g‘risidagi qonun hujjatlari liberallashtirilganligi, davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturi qabul qilinganligi, raqamli boshqaruv va elektron davlat xizmatlari joriy etilganligi hamda ta’lim tizimi takomillashayotganligiga qaratdi.
Sammit doirasida Laziz Kudratov BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vazir Muhammad bin Abdulloh Al Gergaviy, Iqtisodiyot vaziri Abdulla bin Touq Al Marri, BAA energetika va infratuzilma vaziri Suhail Al Mazrui, yirik mintaqaviy va xalqaro kompaniyalar rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi. Suhbatlarda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, qo‘shma investisiya loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalarni joriy etish, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarish aloqalarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Umuman olganda, Birlashgan Arab Amirliklari ishbilarmonlari tomonidan O‘zbekiston bozoriga kirishga va mamlakatimizda faoliyatini kengaytirishga ijobiy munosabat, ishonch va sadoqat borligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.