Pokiston “Made in Uzbekistan” ko'rgazmasini mezbonlik qilmoqda
2025-02-11 17:00:00 / Yangiliklar

Joriy yilning 11-fevral kuni Lahor shahrida O‘zbekiston-Pokiston munosabatlari tarixida ilk bor “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu tadbirda ikki davlatning tegishli vazirlik va idoralari, tarmoq birlashmalari rahbarlari, 500 dan ortiq ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazmada elektrotexnika, qurilish materiallari, to‘qimachilik, charm-poyabzal, mebel va yog‘ochsozlik, kimyo sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va turizm kabi sohalarga ixtisoslashgan 100 ga yaqin O‘zbekistonning yirik milliy kompaniyalari o‘z mahsulotlarini namoyish qilmoqda.
Tadbir doirasida “B2B” va “G2B” muzokaralari tashkil etilmoqda. Tadbirkorlar yangi aloqalar o‘rnatish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilishmoqda. Shuningdek, ikki davlat rasmiylari o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida yangi savdo shartnomalarining texnik va huquqiy jihatlarini ham muhokama qilish imkoniga ega bo‘lmoqdalar.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasi o‘zbek mahsulotlarini Pokiston bozoriga olib chiqish, ikki davlat tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash va yangi sarmoyaviy loyihalarni yo‘lga qo‘yishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Tadbir yakunida O‘zbekiston va Pokiston korxonalari o‘rtasida umumiy qiymati 500 million dollarlik savdo shartnomalari imzolanishi kutilmoqda.