O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon hamkorlik formatini butunlay yangi bosqichga ko‘tarmoqda
2025-01-29 14:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 28-29-yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘lib Ankara shahrida bo‘lib o‘tgan Oʻzbekiston, Turkiya va Ozarbayjon Tashqi ishlar, savdo va transport vazirlari yig‘ilishi va uch tomonlama biznes-forumida ishtirok etdi hamda Turkiya va Ozarbayjonning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.
Dasturga muvofiq dastlab uchala mamlakat ishbilarmon doiralarining 400 dan ortiq vakillari ishtirokida ilk bor uch tomonlama formatda o‘tkazilgan biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Biznes vakillariga O‘zbekiston sarmoyaviy jozibadorligining muhim jihatlari, jumladan, imtiyozlar va preferensiyalar, malakali va o‘qimishli ishchi kuchi, qazilma boyliklari, diversifikatsiyalangan sanoat, mintaqaviy va Yevropa bozorlariga imtiyozli chiqish, O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha faol harakatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, xorijiy investorlarda katta qiziqish uyg‘otgan jozibador loyihalar portfeli taqdim etildi.
Kun tartibiga muvofiq, shu kunning oʻzida Oʻzbekiston, Turkiya va Ozarbayjon tashqi ishlar, savdo va transport vazirlarining uch tomonlama uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Laziz Kudratov o‘zining qutlov so‘zida so‘nggi yillarda uch davlat o‘rtasidagi strategik munosabatlar izchil rivojlanib borayotganini ta’kidladi.
Oxirgi besh yilda uch davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi qariyb 45 foizga o‘sdi va 2024-yilda 3,2 milliard dollarni tashkil qildi. Investitsion hamkorlik ham muvaffaqiyatli rivojlanmoqda – O‘zbekistonda Turkiya va Ozarbayjon kapitali ishtirokidagi 2100 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda, bu 2020-yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘pdir. Ayni paytda Turkiya va Ozarbayjonda O‘zbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 577 qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Laziz Kudratov yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini yanada yuqori natijalarga erishish uchun mavjud iqtisodiy salohiyatdan to‘liq foydalanish muhimligiga qaratgan holda, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlariga qaratdi.
Bu, birinchi navbatda, 140 million kishilik umumiy bozordan samarali foydalanish orqali savdo aloqalarini rivojlantirishdir. Sertifikatlashtirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va raqamlashtirish, tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, uch mamlakat uchun umume’tirof etilgan xalqaro standartlar va sertifikatlarni joriy etish muhimligi ta’kidlandi.
Yana bir muhim yo‘nalish – sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishdir. O‘zbekistonda har qanday murakkablikdagi loyihalarni keyinchalik mahalliy va mintaqaviy bozorlarga chiqish orqali amalga oshirish imkonini beruvchi imtiyozli moliyaviy va infratuzilma sharoitlariga ega erkin iqtisodiy zonalar tashkil etilganligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda Turkiya va Ozarbayjonning tegishli vazirliklari rahbarlarining ham ma’ruzalari tinglandi, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi va mamlakatlar oʻrtasidagi sarmoyaviy hamda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarini aks ettiruvchi Anqara deklaratsiyasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tashrif doirasida Laziz Kudratov Turkiya Savdo vaziri Omer Bolat, Ozarbayjon Savdo vaziri Mikayil Jabborov, Hektaş, “Ostim” EIZ, BCM, Sham Yapi, Yildizlar Group kabi yirik kompaniyalar rahbarlari bilan qator ikki tomonlama uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi.