Ozarbayjon xalqaro banki O‘zbekiston bozoriga qiziqish bildirmoqda
2025-01-24 10:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 24-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Ozarbayjon Xalqaro banki (OXB) boshqaruvi raisi Abbos Ibrohimov bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat davomida bank, investitsiyalar va moliya sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Ozarbayjon tomoniga hamkorlikdagi ishlarning yangi qiziqarli yo‘nalishlari, shu jumladan, xususiylashtirish dasturining afzalliklari, bank xizmatlarining yangi turlarini ko‘rsatishga qaratilgan qo‘shma loyihalar hamda birgalikda moliyalashtirib amalga oshirish mumkin bo‘lgan yirik investitsiya tashabbuslari taqdim etildi.
Abbos Ibrohimov so‘nggi yillarda mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash va bank tizimini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi. Shu bilan birga, u O‘zbekistondagi mahalliy banklar va fintech kompaniyalari bilan hamkorlikda investitsiya loyihalarida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishga tayyorligini tasdiqladilar va kelishilgan tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun o‘zaro hamkorlik formatini ishlab chiqdilar.
Ma’lumot uchun: Ozarbayjon xalqaro banki 1992-yilda Boku shahrida tashkil etilgan. Hozirgi vaqtda u aktivlari, mijozlar bazasi va xalqaro operatsiyalar portfeli bo‘yicha Janubiy Kavkaz mintaqasida yetakchi banklardan biri hisoblanadi. OXB keng tarmoqqa ega, jumladan, uning turli hududlarida joylashgan 74 ta filial va 10 ta ofislari mavjud. U 16 mingga yaqin yuridik va 2,2 milliondan ortiq jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatadi. Bankda 3500 nafar xodim ishlaydi. Aktivlari 8,1 milliard dollarni tashkil etadi.