Toshkentda O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2025-01-16 14:55:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 16-yanvar kuni Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, yangi loyihalarni ishlab chiqish, umuman, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi katta qadam bo‘lgan ushbu tadbirda XXR Favqulodda va Muxtor Elchisi Yu Jun, tegishli idoralar rahbarlari o'zbek va xitoy biznesining 400 dan ortiq vakillari ishtirok etdi
So‘zga chiqqanlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi ko‘lami izchil kengayib borayotganini ta’kidladilar. Bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sherigi hisoblanadi.
Shunday qilib, 2024-yil yakuniga ko‘ra Xitoyning mamlakatimizga kiritgan sarmoyasi hajmi 10 milliard dollardan oshdi, tovar ayirboshlash hajmi esa 13,1 milliard dollarni tashkil etdi.
O‘zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi 3357 ta korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Xitoy kompaniyalari O‘zbekiston hududlarida energetika, yengil sanoat, infratuzilmani rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish, geologiya-qidiruv va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirmoqda.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonda qulay biznes yuritish, tadbirkorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun yaratilgan shart-sharoitlar, mamlakatimiz sarmoyaviy va sanoat salohiyatining muhim jihatlari haqida ma’lumotlar berildi. Investitsiya loyihalarini amalga oshirish va ishga tushirgandan keyin foydalanish jarayonida tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.
Forum doirasida O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimotlari ham o‘tkazildi, B2B va B2G formatlarida uchrashuvlar tashkil etildi. Ishtirokchilar yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, istiqbolli loyihalarni muhokama qilish va o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzish imkoniga ega bo‘ldilar.
Forum yakunida tadbirkorlar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, unda xorijlik ishtirokchilar mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va yuritish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldilar.