Toshkentda O‘zbekiston-Misr biznes-forumi bo‘lib o‘tadi
2024-12-22 10:00:00 / Yangiliklar
Joriy yilning 24 dekabr kuni Toshkent shahrida Oʻzbekiston va Misr oʻrtasidagi hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yigʻilishi hamda Oʻzbekiston-Misr biznes-forumi boʻlib oʻtadi.
Tadbirlarda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Misr rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat ishtirok etishi kutilmoqda.
Forumda ikki mamlakat ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari, xususan, Misr biznesini El Sewedy Electric, Hassan Allam Holding, ACDIMA, EPICO, Nile sugar, Badawy Group, Masriya machine, Ebtkarat Smart Systems, Solyphar, Al Farouk For Import & Export va boshqa kompaniyalar ham ishtirok etadi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Misrning iqtisodiy salohiyati, sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari taqdim etiladi, G2B va B2B muzokaralari o‘tkaziladi, unda tadbirkorlar hamkorlikning manfaatli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilishlari mumkin bo‘ladi.
Forum yakunlari boʻyicha iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirish va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha qator ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi boʻlib oʻtadi.
Forum 24 dekabr kuni soat 15:00 da Hilton mehmonxonasida bo'lib o'tadi.
Forumda ishtirok etish istagida bo‘lgan tadbirkorlar Mirislom Anvarov bilan m.anvarov@invest.gov.uz elektron pochta manzili yoki +998946495937 telefon orqali bog‘lanishlari mumkin.
Shuningdek, ushbu havola orqali shaklni to'ldirib ariza yuborishingiz mumkin.