Xitoyning Eksim banki Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasini ochdi
2024-11-22 16:00:00 / Yangiliklar
Shu yilning 22-noyabr kuni Toshkent shahrida Xitoy Eksport-import banki vakolatxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimida Xitoy Xalq Respublikasi Eksimbanki vitse-prezidenti Yang Donning, Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Yu Jun, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov, boshqarma rahbarlari ishtirok etdi. O‘zbekiston vazirlik va idoralari, ikki mamlakat ishbilarmon va moliya doiralari vakillari ishtirok etdi.
Ilzat Qosimov o‘zining qutlov so‘zida Xitoy Eksim banki faoliyatini, birinchi navbatda, strategik tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish va sifatini yuksaltirishda ko‘maklashuvchi ishonchli moliyaviy hamkor sifatidagi faoliyatini yuqori baholadi. Eksimbankning doimiy yordami tufayli mamlakatimizda kimyo sanoati, energetika, transport, axborot texnologiyalari, qishloq va suv xo‘jaligi kabi muhim tarmoqlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan ellikdan ko‘proq loyiha amalga oshirildi.
Toshkentda Xitoy Eksim bankining vakolatxonasining ochilishi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkonini berishi va O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy hamkorligi salohiyatini to‘liq ochishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Ma'lumot uchun: Xitoy Eksim banki (China Exim Bank / The Export-Import Bank of China) 1994 yilda tashkil etilgan. Xitoyning tashqi savdo, sarmoyaviy va xalqaro iqtisodiy hamkorligini qo'llab-quvvatlovchi va Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashiga bevosita hisobot beruvchi davlat siyosat banki hisoblanadi.
Bankning Xitoyda 32 ta filiali va Gonkongda vakolatxonasi bor. Bundan tashqari, bankning Parijda vakolatxonalari va Janubiy, Sharqiy, Shimoliy va G'arbiy Afrika, Janubiy Amerika, shuningdek, Rossiyada vakolatxonalari mavjud.
Toshkentdagi mintaqaviy ofisi bankning 8 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadagi faoliyatini yuritadi.