O‘zbekiston–O‘mon biznes-forumi yakunida qator kelishuvlar imzolandi
2026-11-16 15:45:00 / Yangiliklar

16-noyabr kuni Maskat shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida O‘zbekiston–Omon biznes-forumi hamda O‘zbekistonning iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat salohiyatiga bag‘ishlangan ko‘rgazma bo‘lib o‘tdi. Tadbirlarda ikki mamlakatning yirik kompaniyalari va ishbilarmon doiralarining 150 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.
Forumda O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov hamda Omon savdo, sanoat va investitsiyalarni rag‘batlantirish vaziri Anvar bin Hilol Al-Jabriy asosiy ma’ruzalar bilan so‘zga chiqdi.
O‘zaro savdoni kengaytirish, investitsiyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlari, shuningdek, erishilgan kelishuvlardan aniq loyihalarni amalga oshirishga o‘tish muhimligi ta’kidlandi.
Investitsiyalar, qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoati, moliyalashtirish va axborot texnologiyalari, qurilish va ishlab chiqarish masalalariga bag‘ishlangan panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi. B2B va G2B formatidagi uchrashuvlar o‘tkazildi.
Biznes-forum yakunlari bo‘yicha energetika, sanoat, transport va logistika, moliya, qishloq xo‘jaligi hamda texnologiyalar sohalarida salmoqli hujjatlar to‘plami imzolandi.









