O‘zbekiston va Sojitz Corporation strategik investitsiya loyihalarini amalga oshirish va hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi
2026-11-05 20:25:00 / Yangiliklar

5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Yaponiyaning Sojitz Corporation kompaniyasining Toshkentdagi vakolatxonasi bosh direktori Yasuhide Machida bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar energetika, infratuzilma, sog‘liqni saqlash, tog‘-kon sanoati va sanoatning boshqa tarmoqlarida ustuvor investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar. Yangi Toshkent xalqaro aeroporti, quvvati 1000 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi, «Sirdaryo-2» issiqlik elektr stansiyasi va tibbiyot obyektlarini qurishga alohida e’tibor qaratildi.
Strategik ahamiyatga ega foydali qazilmalar va uran sanoati sohasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, jumladan, molibden, volfram va indiy yetkazib berish, shuningdek, Yaponiya texnologiyalari va hamkorlarini jalb etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish, ularning ijro mexanizmlari va muddatlarini aniqlashtirish, shuningdek, strategik hamkorlik bo‘yicha Yo‘l xaritasini yangilash yuzasidan keyingi qadamlar kelishib olindi.






