O‘zbekiston va BAA investitsiyaviy hamkorlik kun tartibini kengaytirib, yangi qo‘shma loyihalarni shakllantirmoqda
2026-10-07 23:40:00 / Yangiliklar

7-oktabr kuni Abu-Dabida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Investopia Bridge 2026 xalqaro forumi hamda “BAA – O‘zbekiston: kapitalni imkoniyatlar bilan bog‘lash” mavzusidagi biznes davra suhbatida ishtirok etdi.
Muloqot markazida iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish va yangi loyihalarni amalga oshirish istiqbollari bo‘ldi. Energetika, raqamli infratuzilma va telekommunikatsiyalar, sun’iy intellekt, moliya sektori, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, turizm, transport va logistika, shuningdek, ko‘chmas mulkni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Muhokamalarda Ghitha Holding, e&, Rotana Hotel Management Corporation, Mashreq Bank, Masdar, AMEA Power, Modon va Etihad Development Company kabi BAAning yetakchi kompaniyalari va moliya institutlari ishtirok etishi muzokaralarga amaliy tus berdi. Ishtirokchilarga O‘zbekistonning istiqbolli loyihalari, xususiylashtirish jarayonlarida, infratuzilmaviy va texnologik tashabbuslarda ishtirok etish imkoniyatlari taqdim etildi. Logistika va o‘zaro savdo hajmini oshirish uchun samarali kanallarni yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Ishchi tashrif doirasida Laziz Qudratov BAA iqtisodiyot va turizm vaziri Abdulla bin Tuq Al Marri, investitsiyalar vaziri Muhammad Hasan Al Suvaydi, tashqi savdo vaziri Tani bin Ahmad Al Zeyudi, shuningdek, BAAning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Hamkorlikning institutsional mexanizmlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish hamda ularning faoliyatini aniq tashabbuslarni tayyorlashga yo‘naltirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat davlat tuzilmalari, investitsiya fondlari va biznes vakillari ishtirokida istiqbolli loyihalarni ilgari surish yuzasidan navbatdagi qadamlar belgilab olindi.





