O‘zbekiston va Rossiya hududlari sanoat kooperatsiyasi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirmoqda
2026-10-06 22:55:00 / Yangiliklar

2026-yil 6-oktabr kuni Farg‘ona shahrida O‘zbekiston va Rossiya hududlari III kengashining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning 17 ta hududi rahbarlari va vakillari, O‘zbekistonning barcha hududlari vakillari, shuningdek, ikki mamlakatdan qariyb 400 nafar tadbirkor ishtirok etdi.
Yalpi majlis ishtirokchilarga tantanali murojaatlar bilan boshlandi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tabriklarini O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev hamda Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov o‘qib eshittirdi.
Ikki mamlakat delegatsiyalarining yuqori darajadagi tarkibi to‘g‘ridan-to‘g‘ri hududlararo aloqalar va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan tortib, savdo, investitsiyalar va qo‘shma loyihalargacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qilish imkonini berdi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonning barcha 14 ta hududi Rossiya Federatsiyasining 50 dan ortiq subyekti bilan mustahkam aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Joriy yil boshidan buyon Rossiya subyektlari va O‘zbekiston hududlari darajasida qariyb 100 ta qo‘shma tadbir o‘tkazildi. Qo‘shma kooperatsiya portfeli qiymati qariyb 6 milliard dollar bo‘lgan 200 dan ortiq loyihani o‘z ichiga oladi. Bularning barchasi mazkur format ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik vazifalarni amalga oshirishga qaratilgan sheriklikning mustahkam asoslaridan biri ekanini tasdiqlaydi.
Majlisning amaliy yakuni sifatida hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan to‘rtta hujjat — uchta hududlararo va bitta tijorat hujjati bilan almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Xususan, tomonlar Farg‘ona viloyati hokimligi va Omsk viloyati Hukumati o‘rtasida sanoat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bilan almashdilar.
Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimligi va Krasnoyarsk o‘lkasi Hukumati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik, madaniy va gumanitar sohalarda xalqaro va tashqi iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim bilan almashildi.
Yana bir hujjat Namangan viloyati hokimligi va Dog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va ijtimoiy-madaniy hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi bo‘ldi.
Tijorat yo‘nalishida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Wildberries o‘rtasidagi investitsiya bitimi bilan almashildi. Bitim doirasida “A” toifasidagi logistika majmuasini qurish rejalashtirilgan.
Hududlar kengashi O‘zbekiston–Rossiya iqtisodiy sherikligini mustahkamlashning amaliy mexanizmlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hududlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar kelishuvlardan aniq investitsiya va sanoat loyihalariga tezroq o‘tish, ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish hamda kooperatsiyaning yangi yo‘nalishlarini shakllantirish imkonini bermoqda. Hududlar IV kengashini Omsk shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan.








