IHT mamlakatlari tizimli sanoat hamkorligini qayta tiklamoqda
2026-09-28 22:00:00 / Yangiliklar

23-sentabr kuni Dushanbe shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlar sanoat vazirlarining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda IHT mamlakatlari tegishli idoralari rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari, Tashkilot Bosh kotibi, shuningdek, MDH va UNIDO vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Xurram Teshabayev qatnashdi.
IHT sanoat vazirlarining yig‘ilishi so‘nggi 20 yil ichida ilk bor o‘tkazildi. Mazkur muloqot formatining qayta tiklanishi Tashkilot mamlakatlarining qo‘shma loyihalar, investitsiyalar, texnologiyalar almashinuvi va ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratgan holda mintaqaviy hamkorlikka yanada amaliy tus berishga intilishini aks ettiradi.
Muhokamalar davomida O‘zbekiston tomoni IHT doirasidagi iqtisodiy aloqalar ko‘lami izchil kengayib borayotganini ta’kidladi. 2025-yilda O‘zbekistonning Tashkilot mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 14,3 mlrd dollardan oshdi, joriy yilning yetti oyida esa 20,7 foizga o‘sib, 8,9 mlrd dollarga yetdi. IHT davlatlaridan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2025-yilda 5,1 mlrd dollardan ortiqni, 2026-yilning yanvar–iyul oylarida esa 4,7 mlrd dollarni tashkil etdi.
Ushbu ijobiy dinamika ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarning kengayishi bilan ham mustahkamlanmoqda. Joriy yilda O‘zbekistonda IHT mamlakatlari kapitali ishtirokida 1 000 dan ortiq yangi korxona tashkil etilib, ularning umumiy soni qariyb 7 mingtaga yetdi. Shakllangan ushbu salohiyat o‘zaro savdodan qo‘shma ishlab chiqarish va yanada chuqur investitsiyaviy kooperatsiyaga o‘tish imkonini bermoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston uzoq muddatli «ECO-Invest» dasturini qabul qilishni jadallashtirish tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbus xususiy kapital, banklar va xalqaro moliya institutlarini istiqbolli loyihalarga jalb etish, sanoatni uzoq muddatli moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlarini mustahkamlashni nazarda tutadi.
Yig‘ilish yakunida mintaqaviy sanoat hamkorligini qayta tiklash to‘g‘risidagi Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilindi. Hujjatda IHTning mintaqaviy strategiyasini ishlab chiqish, sun’iy intellekt va ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalarini joriy etish, raqamlashtirish hamda Sanoat 4.0 yechimlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, texnologiyalar transferi va xalqaro moliya institutlarini jalb etishga alohida e’tibor qaratilgan.
Mazkur faoliyatga tizimli tus berish maqsadida ishtirokchilar IHT sanoat vazirlari yig‘ilishlarini kamida ikki yilda bir marta o‘tkazishga kelishib oldilar.





