Yoxannesburgda ilk “O‘zbekiston – Janubiy Afrika Respublikasi” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
2026-09-25 16:40:00 / Yangiliklar

2026-yil 22-sentabr kuni Yoxannesburg shahrida ikki mamlakat davlat tuzilmalari, ishbilarmonlik birlashmalari va biznes vakillari ishtirokida ilk “O‘zbekiston – Janubiy Afrika Respublikasi” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda 60 dan ortiq kompaniya va tashkilot vakillari qatnashdi. Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokamalarning asosiy mavzusi bo‘ldi.
Tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, energetika, avtomobilsozlik, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari va turizm hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlari va qo‘shilgan qiymat zanjirlarini yaratish, shuningdek, Markaziy Osiyo va Afrika bozorlariga o‘zaro kirish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Forum doirasida o‘tkazilgan ikki tomonlama uchrashuvlarda mahsulot yetkazib berish, logistika va bojxona infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish hamda eksportchilarning ikki mamlakat bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi bevosita aloqalarni kengaytirish va o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Ishtirokchilar yangi savdo va investitsiya tashabbuslarini ilgari surish uchun “O‘zbekiston – Janubiy Afrika Respublikasi” biznes-forumini muntazam ravishda o‘tkazishni ham qo‘llab-quvvatladilar.
