O‘zbekiston va JAR savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-08-27 21:30:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Janubiy Afrika Respublikasi savdo, sanoat va raqobat vaziri Parks Tau bilan videokonferensiya o‘tkazdi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat hamkorligini kengaytirish, shuningdek, ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor joriy yilning kuzida 50 ga yaqin O‘zbekiston kompaniyalarining Yoxannesburgga biznes missiyasini tashkil etish hamda Janubiy Afrika biznes vakillari bilan manzilli B2B uchrashuvlarini o‘tkazishga qaratildi.
Shuningdek, Hukumatlararo komissiyani tashkil etish, savdo va investitsiyalarni himoya qilish sohasidagi bitimlarni tayyorlash hamda Preferensial savdo to‘g‘risidagi bitim ustida ish boshlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma tashabbuslarni amaliy jihatdan ishlab chiqishni davom ettirish va istiqbolli loyihalar portfelini shakllantirishga kelishib oldilar.
