Dubayda O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi
2026-08-26 21:50:00 / Yangiliklar

26-avgust kuni Dubayda “Uzbekistan Business Council in Dubai” – O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etilgani e’lon qilindi. Tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining BAAdagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasining BAAdagi elchixonasi va o‘zbek ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan Dubay Savdo palatasi ko‘magida ilgari surildi.
Kengash O‘zbekiston va Dubay tadbirkorlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik qilish uchun yangi platformaga aylanadi. Uning faoliyati savdo-investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirish, yangi hamkorlarni topish va turli sohalardagi qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga qaratiladi.
Buning uchun bugungi kunda salmoqli iqtisodiy baza shakllangan. O‘zbekistonda BAA kapitali ishtirokidagi 450 dan ortiq kompaniya faoliyat yuritmoqda, so‘nggi uch yil davomida amirlik investitsiyalari hajmi qariyb 3 mlrd dollarga yetdi. 2025-yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasi 1,2 mlrd dollarni tashkil etdi.
Kengashning ilk yig‘ilishi Dubay Savdo palatasi bosh qarorgohida bo‘lib o‘tdi. Unda yangi biznes imkoniyatlarini yaratish, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish, kompaniyalar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, tajriba va axborot almashish, shuningdek, qo‘shma biznes tadbirlarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Dubayda o‘zbek biznesining faolligi ham izchil o‘sib bormoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, Dubay Savdo palatasida 826 ta faol o‘zbek kompaniyasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, bu avvalgi yilga nisbatan 21,3 foizga ko‘p. 2026-yilning birinchi yarmida yana 75 ta kompaniya palataga qo‘shildi.
O‘zbekiston Ishbilarmonlar kengashining tashkil etilishi tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish, yangi loyihalarni ilgari surish hamda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi uzoq muddatli savdo-investitsiyaviy sheriklikni yanada mustahkamlash uchun doimiy mexanizm yaratadi.
