O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalari muhokama qilindi
2026-07-29 12:05:00 / Yangiliklar

28-iyul kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Qirg‘iz Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Raisi o‘rinbosari — suv resurslari, qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash sanoati vaziri Erlist Akunbekov, iqtisodiyot va tijorat vaziri Bakyt Sydykov, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy investitsiyalar agentligi direktori Ravshanbek Sabirov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rib chiqib, qo‘shma loyihalarni ilgari surish hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi sanoat kooperatsiyasini yanada mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralarda geologiya, farmatsevtika, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligi va boshqa istiqbolli yo‘nalishlardagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Shuningdek, jun, charm va terini qayta ishlash, qora smorodina, kartoshka va guruchni yetishtirish hamda yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni amaliy jihatdan ishlab chiqish, yangi qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish hamda ikki mamlakatning tegishli idoralari va ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar belgilab olindi.



