Surxondaryoda tadbirkorlar bilan ochiq muloqot: 35 dan ortiq masala joyida hal etildi
2026-07-17 17:30:00 / Yangiliklar

16-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari I.Kasimov Surxondaryo viloyati tadbirkorlari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Tadbirda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Abdumannop Buriyev ham ishtirok etdi.
Uchrashuvda 100 nafardan ortiq tadbirkor qatnashdi. Muhokamalar markazida xorijiy investorlarni jalb etish, vizalarni rasmiylashtirish, bank va soliq xizmatlari, elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan ta’minlash, yer uchastkalarini ajratish va tadbirkorlar uchun dolzarb bo‘lgan boshqa masalalar bo‘ldi.
Kelib tushgan barcha murojaatlar tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ko‘rib chiqildi. Tuman, viloyat va respublika darajasidagi vakolatli organlar vakolatiga kiruvchi 35 dan ortiq masala bevosita joyida hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha ularni keyingi tartibda ko‘rib chiqish mexanizmi belgilandi hamda ijrosi nazoratga olindi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash va biznes faoliyati yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan tizimli ishlar mamlakatning barcha hududlarida izchil davom ettiriladi.
