Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ijro intizomi masalalariga bagʻishlangan oʻquv-amaliy seminar boʻlib oʻtdi
2026-07-15 16:25:00 / Yangiliklar

14-iyul kuni Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida Hisob palatasi hamda Adliya vazirligi bilan hamkorlikda ijro intizomini taʼminlash masalalariga bagʻishlangan oʻquv-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-117-son Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Hisob palatasi va Adliya vazirligining masʼul xodimlari ishtirokida oʻtkazildi.
Seminarda mamlakat rahbariyati topshiriqlarining oʻz vaqtida, toʻliq va sifatli bajarilishini taʼminlash, nazorat mexanizmlarini takomillashtirish hamda ijrochilarning shaxsiy masʼuliyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Taʼkidlanganidek, 2026-yilning birinchi yarim yilligida ijro.gov.uz tizimi orqali vazirlikka Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Prezident Administratsiyasi rahbari va Vazirlar Mahkamasi tomonidan jami 3 334 ta topshiriq yuklatilgan. Shundan 1 999 tasi boʻyicha vazirlik bosh ijrochi, 1 335 tasi boʻyicha esa hamijrochi etib belgilangan.
Bugungi kunga qadar ijro muddati yetib kelgan barcha topshiriqlar toʻliq bajarilishi taʼminlandi.
Seminar davomida topshiriqlarni bajarish jarayonida yuzaga keladigan amaliy masalalar, uchraydigan tipik muammolar hamda ularni bartaraf etish yoʻllari muhokama qilindi. Mutaxassislar tomonidan mavzuga oid taqdimotlar, tushuntirishlar va amaliy tavsiyalar berildi. Shuningdek, muhokamalar hamda savol-javob sessiyasi tashkil etildi.
Bunday tadbirlarning muntazam oʻtkazilishi ijro intizomini mustahkamlash, ichki nazorat tizimini takomillashtirish hamda vazirlik oldiga qoʻyilgan vazifalarni sifatli bajarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
