V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston–Koreya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
2026-06-16 13:00:00 / Yangiliklar

16-iyun kuni Toshkent shahridagi InterContinental Tashkent mehmonxonasida V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston–Koreya biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy hamda sanoat kooperatsiyasi sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Forumda ikki mamlakatning davlat organlari, biznes hamjamiyati, moliya institutlari, tarmoq uyushmalari va yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Tadbir O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, yangi investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi amaliy aloqalarni kengaytirish uchun muhim muloqot maydoniga aylandi.
Forum davomida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Je Myonning rasmiy murojaati o‘qib eshittirildi. Unda ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, investitsiyaviy sheriklikni chuqurlashtirish hamda yangi iqtisodiy o‘sish nuqtalarini shakllantirish muhimligi alohida qayd etildi.
Tadbirda Koreya Respublikasining 300 dan ortiq kompaniyalari va ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi. Jumladan, POSCO, Samsung, Lotte, Daewoo E&C, Hyundai Rotem, Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation (KIND), Incheon International Airport Corporation, KOTRA, Korea Eximbank, Youngone Corporation, Bomi Engineering & Construction, ZYX Technology hamda boshqa qator yirik sanoat, infratuzilma, moliya va texnologiya kompaniyalari vakillari forumda faol ishtirok etdi.
Forum doirasida geologiya va tog‘-kon sanoati, transport va logistika, aviatsiya, shaharsozlik, sanoat kooperatsiyasi, farmatsevtika, yengil sanoat, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, moliya sektori hamda zamonaviy infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalar taqdim etildi.
O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov forumda mamlakatda investorlar uchun yaratilgan sharoitlar va iqtisodiy islohotlar natijalariga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda biznes muhitini yaxshilash maqsadida 200 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilingan, soliqlar soni 13 tadan 9 taga qisqartirilgan, qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi esa 20 foizdan 12 foizga tushirilgan.
“Biz bugun raqobatbardosh, eksportbop va investorlar uchun qulay iqtisodiyotni shakllantirmoqdamiz. Valyuta bozori liberallashtirildi, dividendlar hamda daromadlarni xorijga erkin olib chiqish bo‘yicha barcha cheklovlar bekor qilindi”, — dedi Ilzat Kasimov.
Vazir o‘rinbosarining qayd etishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti ikki barobarga oshgan va 2026-yil yakuniga ko‘ra 147 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. 2030-yilga qadar esa ushbu ko‘rsatkichni 240 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan.
Kasimov, shuningdek, KAIT bilan hamkorlikda biotexnologiya klasteri, KOTRA bilan esa qo‘shma sanoat zonasini tashkil etish ishlari boshlanganini ma’lum qilib, koreyalik kompaniyalarni mazkur platformalar doirasida o‘z investitsiya loyihalarini amalga oshirishga chaqirdi.
Koreya Xorijiy infratuzilma va shaharlarni rivojlantirish korporatsiyasi (KIND) prezidenti Kim Bok Hvan O‘zbekiston bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalariga to‘xtaldi. Uning ta’kidlashicha, KIND tomonidan boshqariladigan fondlar orqali bugungi kunga qadar 2,5 milliard AQSH dollari miqdorida investitsiyalar yo‘naltirilgan bo‘lib, korporatsiya loyihalari dunyoning 88 dan ortiq mamlakatlarida amalga oshirilgan.
“Bugungi kunda O‘zbekistonda Toshkent aeroporti, Toshkent Smart Bio-Cluster va Toshkent Smart Logistics City loyihalari ustida ishlamoqdamiz. O‘zbekiston geografik joylashuvi va logistika salohiyati tufayli Markaziy Osiyodagi eng muhim hamkorlarimizdan biri hisoblanadi. Biz aeroport, logistika markazlari va yangi shahar qurilishi konsepsiyasini o‘zaro integratsiyalashgan holda rivojlantirishni rejalashtiryapmiz”, — dedi Kim Bok Hvan.
Uning qayd etishicha, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida amalga oshirilayotgan Toshkent Smart Bio-Cluster loyihasi 61 gektar maydonni qamrab oladi va loyiha qiymati 100 million AQSH dollaridan oshadi. Mazkur loyiha farmatsevtika sanoatini rivojlantirish, zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan.
Forumda so‘zga chiqqan Koreya Eksport-import banki vakillari ham O‘zbekiston bilan transport, energetika, gaz sanoati va infratuzilma sohalaridagi hamkorlik tobora kengayib borayotganini ta’kidladi. Ularning qayd etishicha, yangi Toshkent aeroporti loyihasi va unga bog‘liq logistika infratuzilmasi ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikning yangi bosqichini boshlab beradi.
Koreya tomoni strategik xomashyo va sanoat loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tgan yili 10 trillion von ajratilganini, joriy yilda ham shu hajmdagi mablag‘larni yo‘naltirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktor o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev forumdagi nutqida mamlakat to‘qimachilik sanoatidagi o‘zgarishlarga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, 2017-yildan buyon amalga oshirilgan islohotlar natijasida O‘zbekiston xom paxta sotuvchi mamlakatdan to‘liq ishlab chiqarish sikliga ega, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar eksport qiluvchi davlatga aylandi.
“Bugungi kunda 4 milliard dollarlik eksport mahsulotlarimizning 65 foizdan ortig‘i tayyor kiyim-kechak mahsulotlaridir. Bu mahsulotlarga tayyor kiyim-kechaklar, uy to‘qimachilik mahsulotlari, texnik to‘qimachilik mahsulotlari kiradi”, — dedi Ruxullo Zikrillayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yengil sanoat korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kam foizli aylanma mablag‘ kreditlari hamda 15 turdagi subsidiya dasturlari joriy qilingan. Xususan, xorijdan jalb qilingan yuqori malakali mutaxassislar xarajatlari, xorijdagi shourum va omborlar ijarasi, xalqaro ko‘rgazmalarda ishtirok etish hamda ERP tizimlarini joriy etish xarajatlari qoplab berilmoqda.
Zikrillayev Koreyaning Youngone Corporation kompaniyasini muvaffaqiyatli investor sifatida tilga olib, kompaniya Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi loyihalarini kengaytirish bo‘yicha qariyb 30 million dollarlik yangi investitsiya loyihalari ustida ish olib borayotganini ma’lum qildi.
“O‘zbekistonda biznes yuritish xarajatlari ayrim hollarda Xitoynikidan ham arzon. Shu sababli Yevropa, Amerika va boshqa mamlakatlarning yirik kompaniyalari buyurtmalarini O‘zbekistonda joylashtirmoqda. Biz koreyalik brendlar va riteylerlar bilan ham raqobatlasha oladigan darajaga yetdik”, — dedi u.
Forum yakunlari bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar va memorandumlar imzolandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda Koreya Respublikasining Korea Overseas Infrastructure & Urban Development Corporation (KIND) tashkiloti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi uch tomonlama memorandum imzolandi.
Shuningdek, forum doirasida G2B va B2B uchrashuvlari tashkil etilib, investitsiya loyihalari, sanoat kooperatsiyasi, texnologiyalar transferi hamda yangi biznes tashabbuslarini amalga oshirish masalalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazildi.
O‘zbekiston–Koreya biznes-forumi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, o‘zaro investitsiyalar hajmini oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va yangi istiqbolli loyihalarni amalga oshirish yo‘lida muhim platforma bo‘ldi. Forum yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan hujjatlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.









