Toshkent xalqaro investitsiya forumida rivojlanayotgan bozorlarga kapital jalb etish masalalari muhokama qilindi
2026-06-16 12:45:00 / Yangiliklar

Toshkent xalqaro investitsiya forumi dasturi doirasida “Siyosiy xatarlar va aralash moliyalashtirish: rivojlanayotgan (frontier) bozorlarga kapitalni jalb etish” mavzusiga bag‘ishlangan panel sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Euronews telekanali raisi Pedro Vargas David moderatorligida o‘tgan tadbirda xalqaro moliya institutlari hamda xususiy sektorning yetakchi vakillari jam bo‘lib, global kapital oqimini rag‘batlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi.
Sessiya davomida ko‘p tomonlama kafolatlar, aralash moliyalashtirish (blended finance) instrumentlari va eksport-kredit agentliklarining rivojlanayotgan bozorlarga xususiy kapitalni jalb qilishdagi o‘rni va strategik ahamiyati keng muhokama qilindi.
Muhokamalar xalqaro maydonda muvaffaqiyatli amalga oshirilgan real bitimlar va boy amaliy tajribalarga asoslangani bilan e’tiborga molik bo‘ldi.
Tadbir spikerlari:
Pedro Vargas David — Euronews raisi (Moderator)
Jasur Karshibayev — Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi
Irakli Elashvili — Ipoteka Bank OTP Group Boshqaruv raisi o‘rinbosari
Marck Wengrzik — AKA Bank bosh direktori
Cristiana Portale — SACE kompaniyasining Markaziy va Janubiy Yevropa hamda Ukraina bo‘yicha xalqaro tarmog‘i rahbari
Janobi Oliylari Shayx Mansur bin Xalifa Ol-Soniy — MBK Holding asoschisi va raisi
Marius Dan — Franklin Templeton kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori
Francis Malige — Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining (YeTTB) Moliyaviy institutlar biznes guruhi rahbari va boshqaruvchi direktori
Davra suhbatini moderator sifatida Euronews rahbari Pedro Vargas David olib bordi. U O‘zbekiston so‘nggi yillarda amalga oshirayotgan islohotlar natijasida jalb qilinayotgan investitsiyalar miqdori salmoqli ekanini ta’kidlab, kelgusida faqat investitsiya jalb qilish emas balki infratuzilma, sanoat, energiya, logistika va raqamli iqtisodiyot kabi strategik muhim sohalarga uzoq muddatli sarmoyalarni ustuvor ahamiyatga olib chiqish muhimligini aytib o‘tdi.
Ishtirokchilar orasida chiqishlarni Iqtisodiyot va moliya vaziri maslahatchisi Jasur Karshibayev boshlab berdi. Ma’ruzada u O‘zbekiston hukumati 2030-yilgacha mamlakat iqtisodiyot hajmini 240 mlrd dollarga yetkazishni reja qilayotgani va bu orqali o‘rta daromadli davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilganini ma’lum qildi.
Mazkur maqsadga erishish uchun hukumat iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni davom ettirish hamda biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilashni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, so‘nggi vaqtlarda xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning kredit reytingi ketma-ket ravishda yaxshilanayotgani, bu esa mamlakat uchun global miqyosda qarz jalb qilishni arzonlashtirishi aytib o‘tildi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vakili Frensis Malige rivojlanayotgan bozorlarda xatar haqida tasavvurlar turlicha ekanini muhokama qildi. Uning fikricha, ko‘pchilik investorlar xorijda turib rivojlanayotgan bozorli juda ham xatarli deb hisoblaydi. Biroq, bu bozorlarga kelib, vaziyatni o‘rgangach, ko‘p narsa qilish mumkinligini tushunadi.
Franklin Templetonning Markaziy Osiyo bo‘yicha bosh ijrochi direktori Marius Dan yaqinda o‘tkazilgan Milliy investitsiya jamg‘armasi IPOsi natijalari bilan ishtirokchilarni tanishtirdi. Jamg‘arma tarkibida 13 ta strategik ahamiyatga ega davlat kompaniyalari bo‘lib, IPO London va Toshkentda ikki tomonlama muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Bu O‘zbekiston uchun tarixdagi birinchi aksiyalarni xalqaro joylashtirish bo‘lib, IPO natijasida 700 mln dollarga yaqin mablag‘ jalb qilindi. Investorlar orasida BlackRock, Franklin Resources va Redwheel yirik xalqaro moliyaviy institutlar mavjud.
Davra suhbatida ishtirokchilar O‘zbekistonning xalqaro maydondagi o‘rni tobora yaxshilanib borayotgani, hozirda rivojlanayotgan mamlakatlar orasida eng jozibador bozorlardan biri ekani qayd etildi.
“Hozirda O‘zbekiston investorlar uchun xavf va daromad nisbati bo‘yicha dunyodagi eng jozibador mamlakatlardan biridir”, — dedi Ipoteka Bank OTP Group Boshqaruv raisi o‘rinbosari Irakli Elashvili.
Shuningdek, mutaxassislar O‘zbekiston uchun iqtidorli yoshlar salohiyatiga investitsiya kiritish, ularning nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olishini qo‘llab-quvvatlash hamda xalqaro ilg‘or tajriba va zamonaviy standartlar asosida malakasini muntazam oshirib borish strategik ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Sessiya davomida bildirilgan fikr va takliflar rivojlanayotgan bozorlarga xususiy kapital oqimini kengaytirish, investitsion xatarlarni kamaytirish hamda davlat va xususiy sektor hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha amaliy yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qildi.









