TIIF-2026: Forum ishtirokchilari uchun noyob raqamli imkoniyatlar yaratildi
2026-05-26 19:00:00 / Yangiliklar

Shu yilning 16-18-iyun kunlari poytaxtimizda Beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TMIF-2026) bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tomonidan forum ishtirokchilari uchun tadbirda yuksak samaradorlik bilan ishlash hamda qulay harakatlanishni ta’minlaydigan zamonaviy raqamli ekotizim ishlab chiqildi va ishga tushirildi.
Yaqin kunlarda ro‘yxatdan o‘tish paytida ko‘rsatilgan elektron pochta manzillariga rasmiy https://tiif.online/ saytidagi shaxsiy kabinetga kirish uchun maxsus login va parollar yuboriladi. Mazkur raqamli vosita o‘zaro samarali aloqalarni o‘rnatish hamda tashkiliy masalalarni tezkorlik bilan hal etish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan.
Samarali netvorking hamda B2B va G2B muloqotlar
«Biznes-kontaktlar» bo‘limi kerakli kompaniyalar va delegatlarni bir zumda topish imkonini beradi. Intellektual qidiruv tizimi yordamida ishtirokchilarni tarmoqlar bo‘yicha saralash yoki muayyan tashkilotlarni izlab topish mumkin. Profildagi «Chatni boshlash» tugmasi esa salohiyatli hamkor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanib, uchrashuv belgilashga sharoit yaratadi. Barcha muloqotlar va yozishmalar tarixi «Chatlar» bo‘limida yaxlit holda saqlanib boradi.
Kun tartibini boshqarish va tadbirlar grafigi
Ishtirokchilar «Sessiyalar» bo‘limi orqali TMIF-2026 doirasidagi barcha tadbirlar grafigi bilan atroflicha tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Bu yerda panel munozaralari tafsilotlarini o‘rganish va «Sessiyaga qo‘shilish» tugmasini bosish orqali undagi ishtirokni tasdiqlash mumkin.
Muzokaralar xonalarini band qilish
Rasmiy uchrashuvlar va maxfiy muzokaralar o‘tkazish uchun platformada qulay bofro‘ron tizimi — muzokaralar xonalarini band qilish xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Ishtirokchilar sana, aniq vaqt va suhbatdoshlar sonini hisobga olgan holda o‘zlariga mos keladigan joyni tanlashlari mumkin.
Transport va logistika xizmatlari
Shaxsiy kabinet, shuningdek, forumning transport xizmati bilan bog‘lovchi asosiy bo‘g‘in vazifasini o‘taydi. Logistika jarayonlarini yuqori saviyada tashkil etish, biriktirilgan ko‘ngillilar (volontyorlar) faoliyatini muvofiqlashtirish va transferlarni o‘z vaqtida ta’minlash uchun ishtirokchilardan o‘z parvozlari haqidagi ma’lumotlarni (kelish va ketish sanasi hamda reys raqamlarini) profildagi maxsus bo‘limga zudlik bilan kiritishlari so‘raladi.
Mehmonlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida forum kunlari rasmiy mehmonxonalar va asosiy tadbirlar majmuasi — «CAEx» ko‘rgazmalar markazi o‘rtasida shinam shatllarning muntazam qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Akkountni o‘z vaqtida faollashtirish va parvoz ma’lumotlarini oldindan kiritish TMIF-2026 taqdim etayotgan barcha qulayliklar va raqamli xizmatlardan to‘laqonli foydalanish imkonini beradi.
