O‘zbekiston va Chexiya sanoat va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirmoqda
2026-04-18 18:30:00 / Yangiliklar

Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 16-17-aprel kunlari Chexiya Respublikasida bo‘ldi. Tashrif doirasida hukumat vakillari va yirik kompaniyalar rahbariyati bilan samarali muzokaralar o‘tkazildi.
Mashinasozlik, geologiya va tog‘-kon sanoati, kimyo va farmatsevtika hamda energetika sohalari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilandi. Bunda asosiy e’tibor ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, malakali kadrlar tayyorlash va energiya tejamkorligini oshirishga, shuningdek, muhim foydali qazilmalar va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqish loyihalariga qaratildi.
Loyihalarni amalga oshirishning aniq mexanizmlari, jumladan, uzoq muddatli moliyalashtirishni jalb qilish, qo‘llab-quvvatlash vositalarini kengaytirish, korxonalararo kooperatsiyani rivojlantirish va qo‘shma quvvatlarni ishga tushirish masalalari kelishib olindi.
Bugungi kunda respublikamizda Chexiya sarmoyasi ishtirokida 44 ta korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.









