Toshkentda «INNOPROM. Markaziy Osiyo» VI xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
2026-04-20 12:00:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov bugun poytaxtimizda start olgan «INNOPROM. Markaziy Osiyo» oltinchi xalqaro sanoat ko‘rgazmasining asosiy yalpi majlisida ishtirok etdi. Tadbirda delegatsiyalar tarkibida Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Viktor Karankevich, Qozog‘iston Respublikasi Sanoat va qurilish vaziri Yerayin Nagaspayev, Tojikiston Respublikasi Sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir hamda Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasining sanoat va agrosanoat majmuasi bo‘yicha vaziri Goar Barsegyan qatnashdilar.
Forumning asosiy muhokama mavzusi yangi texnologik xablarni shakllantirish hamda Yevrosiyo sanoat qiyofasini transformatsiya qilish masalalariga bag‘ishlandi.
Jamshid Xodjayev o‘z nutqida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston industriyalashtirish yo‘lini izchil davom ettirayotganini alohida qayd etdi. Bugungi kunda mamlakat yalpi ichki mahsulotida sanoatning ulushi 27 foizga yetdi, joriy yil yakunlariga ko‘ra esa iqtisodiy o‘sish 6,8 foiz darajasida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.
Mintaqaviy hamkorlikdagi yutuqlarga alohida e’tibor qaratildi. 2025-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi sheriklari va Rossiya bilan tovar ayllanmasi qariyb 22 milliard dollarni tashkil etdi. Hozirgi vaqtda 5,5 mingta qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, turli sohalarda esa qiymati 47 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 330 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda.
Mashinasozlik, kimyo sanoati va yangi avlod energetikasi strategik ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilab olindi. Respublika xomashyo modelidan yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga o‘tmoqda.
Ma’lumot uchun: ko‘rgazma 22-aprelga qadar davom etadi.
18 000 kvadrat metr maydonda O‘zbekiston, Rossiya, Belarus, Xitoy va Qozog‘istonning 350 ga yaqin kompaniyasi o‘z yechimlarini taqdim etmoqda. Ekspozitsiya shahar infratuzilmasi va transportdan tortib, murakkab sanoat uskunalari va avtomatlashtirish tizimlarigacha bo‘lgan keng ko‘lamli texnologiyalarni qamrab olgan.
Tadbir dasturi raqamlashtirish, sun’iy intellekt, ekologiya, logistika, energetika va kadrlar tayyorlashga bag‘ishlangan 13 ta sessiyani o‘z ichiga oladi. Tadbirda dunyoning 30 ta davlatidan, jumladan O‘zbekiston, Rossiya, Ozarbayjon, Afg‘oniston, Belarus, Gana, Germaniya, Eron, Qozog‘iston, Kanada, Qatar, Qirg‘iziston, Xitoy, Latviya, Nigeriya, Niderlandiya, BAA, AQSh, Saudiya Arabistoni, Tojikiston va Turkiya kabi mamlakatlardan 1500 dan ortiq kompaniya va delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Jami tadbirda 1500 dan ortiq kompaniya vakillari ishtirok etadi.









