O‘zbekiston Iqtisodiy erkinlik indeksidagi o‘rnini yaxshiladi
2026-04-06 14:00:00 / Yangiliklar

The Heritage Foundation tomonidan e’lon qilingan 2026 yilgi Index of Economic Freedom natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 60,3 ball to‘plab, dunyoda 86-o‘rinni egalladi hamda o‘tgan yilga nisbatan o‘z natijasini 2,3 punktga yaxshiladi. Natijada mamlakat ilk bor moderately free toifasiga kirdi. Muhimi, O‘zbekistonning joriy ko‘rsatkichi 2026 yilgi jahon o‘rtacha darajasi - 59,9 balldan yuqori.
Ayniqsa, O‘zbekiston iqtisodiyotining savdo va investitsiyalar uchun ochiqligini aks ettiruvchi yo‘nalishlarda kuchli natijalarni namoyish etmoqda. Open Markets blokida mamlakatning Trade Freedom ko‘rsatkichi 80,6 ballni, Investment Freedom ko‘rsatkichi esa 70,0 ballni tashkil etdi. Har ikkala ko‘rsatkich ham mos ravishda jahon o‘rtacha darajalari - 70,2 va 53,4 balldan yuqori. Bu savdo va investitsion ochiqlik bugungi kunda O‘zbekiston iqtisodiy profilining eng kuchli jihatlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
O‘zbekistonning xalqaro indekslardagi ijobiy bahosi asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlar dinamikasi bilan ham tasdiqlanadi. Tashqi savdo aylanmasi 2023 yildagi 63,5 milliard dollardan 2025 yilda 81,2 milliard dollarga oshdi (+27,8%). Eksport hajmi 24,9 milliard dollardan 33,8 milliard dollarga ko‘paydi (+36,0%). Asosiy kapitalga kiritilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi 2023 yildagi 201,7 trillion so‘mdan (taxminan 15,9 milliard dollar) 2025 yilda 422,1 trillion so‘mga (taxminan 33,2 milliard dollar) yetdi (+109,3%).
2026 yilning operativ ma’lumotlari ham tashqi iqtisodiy faollik yuqori sur’atlarda davom etayotganini ko‘rsatmoqda. 2026 yil yanvar–fevral oylarida mamlakat tashqi savdo aylanmasi 11,6 mlrd dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,1 foizga o‘sdi. Shu tariqa, 2026 yilgi Index of Economic Freedom natijalari O‘zbekistonning nafaqat reytingdagi o‘rni yaxshilanayotganini, balki savdo, eksport va investitsion faollik bo‘yicha ham barqaror o‘sish kuzatilayotganini tasdiqlaydi.
