YEVROPA ITTIFOQIGA EKSPORT QILUVCHI O‘ZBEKISTON EKSPORTYORLARI UCHUN MUHIM
2026-01-11 12:00:00 / Yangiliklar

Yevropa Ittifoqida tovarlarni CBAMdan vaqtinchalik, hatto retroaktiv tarzda chiqarish mexanizmi muhokama qilinmoqda
Yanvar oyi boshida Yevropa komissiyasi CBAM reglamentiga (Carbon Border Adjustment Mechanism - chegarada uglerodni tartibga solish mexanizmi) kiritilayotgan yangi 27a-modda loyihasi bo‘yicha izohlarni eʼlon qildi. Hozircha bu normalar qabul qilinmagan, ammo Yevropa Ittifoqida faol muhokama qilinmoqda va ular Yevropaga eksportga sezilarli taʼsir ko‘rsatishi mumkin.
CBAM nima?
CBAM - bu Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan mexanizm bo‘lib, import qilinayotgan mahsulotning "uglerod izi" uchun to‘lovni nazarda tutadi. Bu orqali Yevropa va xorijiy ishlab chiqaruvchilar uchun raqobat sharoitlarini tenglashtirish maqsad qilingan. Mexanizm quyidagi mahsulotlarga tatbiq etiladi:
qora metallar va po‘lat mahsulotlari
alyuminiy
o‘g‘itlar (ammiak, azotli va boshqalar)
sement
elektr energiyasi
O‘zbekiston eksportyorlari uchun bu hisobot uchun qo‘shimcha talablar va 2027-yildan boshlab moliyaviy majburiyatlar yuzaga kelishini anglatadi.
27a-modda nimani taklif qilmoqda?
27a-modda loyihasi taklif etilayotgan "avariya tormozi" (emergency brake) mexanizmlarini joriy etadi.
1. Tovarlarni CBAMdan vaqtinchalik chiqarish
Agar Yevropa Ittifoqi muayyan tovarni CBAMga kiritishi narxlarning keskin o‘sishiga olib kelsa yoki Yevropa Ittifoqi ichki bozoriga jiddiy va kutilmagan zarar yetkazsa, Komissiya ushbu tovarni CBAM ro‘yxatidan vaqtinchalik chiqarib tashlashi mumkin.
2. Retroaktiv qo‘llash imkoniyati
Asosiy jihat shundaki, qaror orqaga qaytgan holda amal qilishi mumkin - yaʼni eʼlon qilingan sanadan emas, balki Yevropa Ittifoqi fikriga ko‘ra "kritik sharoitlar" yuzaga kelgan vaqtdan boshlab.
3. CBAM-sertifikatlarini qaytarish ehtimoli
Agar tovar orqaga qaytgan holda CBAMdan chiqarilsa, importyorlar tomonidan oldin sotib olingan CBAM-sertifikatlari qiymatini qaytarish masalasi kun tartibiga chiqadi.
Nega bu hozir muhim?
2026-yil - CBAMning o‘tish davridagi so‘nggi yil (hozircha faqat hisobot topshirish talab etiladi).
2027-yildan boshlab Yevropa Ittifoqidagi importyorlar CBAM-sertifikatlarini amalda sotib olishni boshlaydi, bu esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarajatlar degani.
27a-moddaning muhokama qilinishi tizim ishga tushish jarayonidayoq qoidalar o‘zgarishi mumkinligini ko‘rsatadi.
Bu O‘zbekiston eksportyorlari uchun tartibga solish bilan bog‘liq “risklar oynasi”ni yaratadi: shartnomalar, narxlar va uglerod yuklamasi hisob-kitoblari qayta ko‘rib chiqilishini talab qilishi mumkin.
O‘zbekistonda qaysi sohalar eng katta eʼtibor markazida?
CBAM va 27a-modda doirasida eng katta qiziqish quyidagi sohalarga to‘g‘ri keladi:
mineral o‘g‘itlar va ammiak;
alyuminiy mahsulotlari;
qora metallar va prokat;
ishlab chirish jarayoni ko‘p energiya talab qiladigan kimyo mahsulotlari.
Eksportyorlarga nima tavsiya etiladi?
Mutaxassislar quyidagilarni allaqachon amalga oshirishni tavsiya qiladilar:
27a-modda bo‘yicha Yevropa Ittifoqi qarorlarini diqqat bilan kuzatib borish;
eksport shartnomalarida CBAM xarajatlari bo‘yicha moslashuvchanlikni nazarda tutish;
chiqindilar (emissiyalar) va ishlab chiqarish maʼlumotlarini to‘g‘ri hisobga olish;
qoidalarga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgarishlar va to‘lovlarni qaytarish holatlariga tayyor turish.
Xulosa
CBAM Yevropa Ittifoqi bozoriga chiqishda hal qiluvchi omil bo‘lib qolmoqda.
Biroq muhokama qilinayotgan 27a-modda Yevropa Ittifoqining o‘zida ham narxlarning keskin o‘sishi xavflari tushunilayotganini va qoidalarga vaqtinchalik, hatto orqaga qaytgan holda o‘zgartishlar kiritilishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
O‘zbekiston eksportyorlari uchun bu aniq signal:
CBAM talablarini bajarish bilan birga, qoidalarning rivojlanishini doimiy kuzatib borish orqali ortiqcha xarajatlardan saqlanish lozim.
