O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Quvayt Davlatida bo‘ldi
2025-12-16 09:00:00 / Yangiliklar

13–15-dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov amaliy tashrif bilan Quvayt Davlatida bo‘ldi. Tashrif dasturi doirasida Quvayt hukumati vakillari, ishbilarmon doiralar va moliyaviy institutlar bilan muzokaralar o‘tkazildi, shuningdek O‘zbekiston–Quvayt Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 2-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Quvayt neft vaziri va Kuwait Petroleum Corporation raisi Tareq Suleiman Al-Roumi hamda savdo va sanoat vaziri Xalifa Al-Askar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Muzokaralarda neft-gaz va neft-kimyo sohalarida hamkorlik, logistika va savdo, O‘zbekiston aviakompaniyalari uchun aviatsiya yoqilg‘isini yetkazib berish, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini kengaytirish, shuningdek standartlarni o‘zaro tan olish va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
Quvayt Davlatining elektroenergetika, suv resurslari va qayta tiklanuvchi energetika vaziri, moliya vaziri vazifasini bajaruvchi hamda iqtisodiy masalalar va investitsiyalar bo‘yicha vazir vazifasini bajaruvchi doktor Sabih Abdulaziz Al-Muhayzim bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki tomonlama savdoni kengaytirish, shuningdek “Fors ko‘rfazi mamlakatlari – Markaziy Osiyo” Taraqqiyot jamg‘armasini tashkil etish tashabbusi va boshqa o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.
O‘zbekiston–Quvayt Hukumatlararo qo‘shma komissiyasining 2-yig‘ilishi doirasida erishilgan kelishuvlarni amaliy jihatdan ilgari surish va hamkorlikni yanada rivojlantirishga o‘zaro qiziqish tasdiqlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston–Quvayt biznes-forumi va “Made in Uzbekistan” ko‘rgazmasida ishtirok etildi. So‘nggi besh yil ichida ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi besh barobardan ortiq oshgani qayd etildi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida agrosanoat majmuasi, neft-kimyo, infratuzilma, transport va logistika, raqamli hamda moliyaviy xizmatlar belgilandi.
Elektron tijorat, islomiy moliya, qurilish, sanoat va sog‘liqni saqlash sohalarida Quvayt ishbilarmon doiralari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Tashrif yakunida iqtisodiy sheriklikni yanada chuqurlashtirish uchun mustahkam asos yaratgan qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.









