O‘zbekiston Urumchidagi “Tyanshan” Forumida yangi investitsiya imkoniyatlarini taqdim etdi
2025-12-04 10:55:00 / Yangiliklar

2-dekabr kuni Urumchi shahrida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Markaziy Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlikka bag‘ishlangan Tyanshan forumida ishtirok etdi.
U forumning tantanali ochilish marosimida hamda “Markaziy Osiyoga investitsiyalar” sessiyasi doirasida nutq so‘zlab, O‘zbekistonning iqtisodiy siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarida xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlarni taqdim etdi.
Tashrif doirasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hukumati, Mo‘g‘uliston vakillari hamda xalqaro moliya institutlari, jumladan Xitoy Eksport-import banki (China Exim Bank), Yangi taraqqiyot banki (NDB) va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki (AIIB) rahbariyati bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish, investitsiyalarni jalb etish va hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni hukumati o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.







