Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi “Trade Connect Central Asia+” dasturini ishga tushirdi
2024-05-02 15:25:00 / Yangiliklar

Davra suhbatida mintaqadagi vazirlar va siyosatchilar, shuningdek, xalqaro tashkilotlar hamda moliya institutlari rahbarlari TCCA+ dasturini ishga tushirish kontekstida mintaqalararo savdo, investitsiya salohiyatini ochish yo‘llarini muhokama qilish uchun yig‘ildi.
Davra suhbatida ishtirok etgan spikerlar:
Serdar Jorayev — Turkmaniston Moliya va iqtisodiyot vaziri;
Ashurboy Solehzoda — Tojikiston Iqtisodiy taraqqiyot va savdo vaziri o‘rinbosari;
Hani Salem Sonbol — Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi bosh direktori;
Abdulla Xashimov — O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri maslahatchisi;
Nazira Nurbayeva — Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nazira Nurbayeva;
Sanjarbek Bolotov — Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va tijorat vaziri o‘rinbosari;
Yusif Abdullayev — Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni qoʻllab-quvvatlash agentligi ijrochi direktori;
Ibrohim Shukri — IsDB mintaqaviy markazi rahbari;
Rupa Chanda — ESCAP Savdo, investitsiyalar va innovatsiyalar boʻlimi direktori.
Davra suhabti moderatorligini olib borgan Gemcorp bosh iqtisodchisi Saymon Kijano-Evans taraflarni ushbu dasturning muvaffaqiyatli ishga tushirilayotgani bilan tabrikladi.
XISMK bosh direktori Hani Salem Sonbol o‘z nutqida Markaziy Osiyo davlatlari, xususan, O‘zbekistonning ishlab chiqarish imkoniyatlari, investitsiyaviy jozibadorligi hamda eksport salohiyatiga to‘xtalib, bugungi kungacha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmay kelayotgani, endilikda ushbu potensialdan foydalanish uchun imkoniyat yaratilayotganini qayd etdi.
Shuningdek, davra suhbatida so‘z olgan Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nazira Nurbayeva tomonidan ushbu dastur doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar haqida gapirarkan, har ikki mamlakat rahbarlari tomonidan iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborni e’tirof etdi:
— O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasi o‘laroq o‘tgan yili o‘zaro yillik savdo aylanmasi $4 mlrd.dan oshdi. Endilikda bu ko‘rsatkichni $10 mlrd.ga yetkazish reja qilinmoqda. Bu borada talay ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, ikki davlat o‘rtasida 56 ta qo‘shma korxonalar ishga tushirilgan bo‘lib, shulardan 51 tasi O‘zbekistonda, yana 5 tasi Qozog‘istonda joylashgan. Umumiy qiymati $3.6 mlrd.ga teng 46 ta yangi loyiha ham ishga tushirilish arafasida. Bularga qo‘shimcha tarzda Markaziy Osiyo iqtisodiy koridorini ham aytish mumkin. Mazkur koridor Belarus — Rossiya Federatsiyasi — Qozog‘iston — O‘zbekiston — Afg‘oniston — Pokiston liniyasi bo‘ylab Yevropa bilan ham bog‘lanish imkonini beradi.
Ma’lumot uchun, TCCA+ bu — Islom taraqqiyot banki guruhining aʼzosi boʻlgan Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (ITFC) tomonidan joriy etilgan mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik boʻyicha ilg‘or tashabbus va yetakchi dasturdir.









