O‘zbekiston Markaziy Osiyoda fintex-innovatsiyalar markaziga aylanish uchun yetarli salohiyatga ega
2024-05-02 14:15:00 / Yangiliklar

Sessiyada O‘zbekiston fintex bozorining bugungi holati tahlili, uning jadal o‘sishi va zamonaviy texnologiyalarning integratsiyalashuviga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar innovatsiyalarni joriy etish mamlakat moliya sektorining raqobatbardoshligiga qanday hissa qo‘shishini muhokama qildilar va raqamli hamyonlar, elektron tijorat va raqamli bank xizmatlarini rivojlantirish istiqbollarini ko‘rib chiqdilar.
Aloniq boshqaruvchi direktori Mark Shmulevich O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasidagi startaplar uchun qulay shart-sharoitlar mavjudligiga urg‘u berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumatning qo‘llab-quvvatlashi va xorijiy investisiyalarni faol jalb qilish orqali Markaziy Osiyoda fintex innovatsiyalari markaziga aylanish salohiyatiga ega.
Ta’limga oid jabhalar, jumladan raqamlashtirish va axborot xavfsizligi ham munozaralarda muhim o‘rin egalladi. Mutaxassislar O‘zbekiston sanoatning barqaror rivojlanishini ta’minlash uchun fintex sohasida malakali mutaxassislar tayyorlashga ko‘proq e’tibor qaratish kerak, degan fikrni bildirdilar.
Ma’ruzachilar moliyaviy savodxonlik va raqamli transformatsiyani rag‘batlantirishga mo‘ljallangan “Raqamli O‘zbekiston-2030” strategiyasini muhokama qilishga alohida e’tibor qaratdilar. Ularning fikricha, mobil aloqa va Internetning mamlakatga kirib borishi O‘zbekistonning mintaqadagi texnologik yetakchiligini mustahkamlashga qaratilgan ulkan rejalarni amalga oshirish uchun qulay zamin yaratmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Fintex assosiatsiyasi direktori Nargis Do‘stmatova bu yil chakana bank xizmatlari sohasida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilayotgaini ta’kidladi. Xususan, banklar chakana mijozlarga xizmat ko‘rsatish uchun ko‘plab qiziq mahsulotlarni yaratmoqda va joriy qilmoqda. Ammo korporativ bankning rivojlanishi biroz orqada qolmoqda.
"Ba’zi raqamlarni ta’kidlash muhim: mobil aloqa qamrovi 90% va Internet qamrovi 77% dan ortiq. O‘zbekistonda juda ko‘p odamlar mobil moliyaviy xizmatlardan foydalanishi maqtanishga arzigulik holat. Va biz bilamizki, texnologiya ishlab chiquvchi har qanday guruh uchun uning joriy etilish infratuzilmasi juda muhim. Nihoyat, Raqamli O‘zbekiston - 2030 strategiyasi mamlakatning moliyaviy imkoniyatlari va raqamli transformatsiyasini birlamchi vazifa sifatida belgilagan. Bu, shuningdek, o‘z xizmatlarini ushbu bozorda joylashtirmoqchi bo‘lgan texnologik kompaniyalar uchun qulay muhit yaratadi. O‘ylaymizki, bu o‘sish omili yanada kengayishga, o‘sishga xizmat qiladi va kelajakda ushbu bozorga ko‘proq sarmoya jalb qiladi. Raqamli to‘lovlarning sezilarli darajada oshgani bozordagi ushbu o‘sishning amaldagi isbotidir", - dedi ma’ruzachi.
Forum fintex sohasida xalqaro hamkorlik va tajriba almashish muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistonning global va mahalliy korxonalar uchun innovasion, ochiq va jozibador sarmoyaviy muhit yaratish istagini tasdiqladi.









