Toshkentda bo‘lib o‘tgan “YI – Markaziy Osiyo” III Iqtisodiy Forumi mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qildi
2025-11-26 19:40:00 / Yangiliklar

Toshkentda o‘tkazilgan “YeI – Markaziy Osiyo” Uchunchi Iqtisodiy forumi mintaqaviy muloqotni mustahkamlash va birgalikda yangi yechimlar ishlab chiqish bo‘yicha muhim platforma sifatidagi o‘rnini yana bir bor namoyon qildi. Unda 32 mamlakat vakillari ishtirok etdi, YeI delegatsiyasiga komissarlar Yozef Sikela va Marta Kos rahbarlik qildi.
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev so‘nggi yetti yilda savdo hajmi to‘rt baravar oshib, 54 mlrd yevroga yetganini ta’kidladi. YeI hamon mintaqaning eng yirik investori bo‘lib qolmoqda.
GSP va GSP+ dasturlarining mahsulotlarni YeI bozoriga chiqarish imkoniyatini kengaytirgani va modernizatsiyani tezlashtirgani alohida qayd etildi. 2024-yilda YeTTB Markaziy Osiyoga $2,26 mlrd, shundan $938 mln O‘zbekistonga yo‘naltirdi.
“Enhancing connectivity” sessiyasida O‘zbekiston pozitsiyasini investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev taqdim etdi. U logistika, jarayonlarni raqamlashtirish va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlashning muhimligini ta’kidladi.
Forumda investitsion muhit, inson kapitali, mintaqaviy integratsiya va barqaror qiymat zanjirlari muhokama qilindi. Ekologiya, irrigatsiya, geoma’lumotlar va tartibga solish bo‘yicha 6 hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar imzolandi.
YeI-Markaziy Osiyo hamkorligining mustahkamlanishi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar yaratib, uzoq muddatli rivojlanish uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.








