PwC O‘zbekiston milliy eksport strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha trening o‘tkazdi
2025-11-05 23:35:00 / Yangiliklar

2025-yil 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi tashabbusi bilan PwC kompaniyasi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar rahbar xodimlari uchun “Eksport strategiyasini rivojlantirish” mavzusida trening tashkil etildi.
Tadbir davomida PwC mutaxassislari O‘zbekiston eksport tizimini chuqur tahlil qilish asosida ishlab chiqilgan milliy eksport strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini taqdim etdilar. Ushbu hujjat eksport hajmini yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar hisobiga oshirish, tovar va geografik diversifikatsiyani kengaytirish, transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish hamda eksportyorlarni institutsional qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirishni nazarda tutadi.
Taqdimotda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakillari, shuningdek, to‘qimachilik, charm-poyabzal va ipak sanoati tadbirkorlari ishtirok etdilar. Muhokama chog‘ida ishtirokchilar strategiyaning asosiy yo‘nalishlari - xalqaro bozorlarda raqobatbardoshlikni oshirish, mahsulotlarni sertifikatlash jarayonlarini soddalashtirish va brendli mahsulotlar eksportini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Yakunida tomonlar milliy eksport strategiyasi O‘zbekiston mahsulotlarini xalqaro bozorlarda muvaffaqiyatli ilgari surish va mamlakat iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirishda muhim vosita bo‘lishini ta’kidladilar.





