Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva murojaat asosida “Oqtepa sohil bo’yi” majmuasida bo’ldi
2026-03-10 18:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o’rinbosari Ozoda Jo’rayeva murojaat asosida poytaxtimizning Chilonzor tumani “Oqtepa sohil bo’yi” majmuasida bo’ldi.
Mazkur hududdagi 24 ta ko’p qavatli uyga bugungi kunda “Sohilbo’yi management servis” boshqaruv oragani tomonidan xizmat ko’rsatib kelinadi.
Ammo mulkdorlardan kelib tushgan murojaatga ko’ra, uy-joylarga xizmat ko'rsatish borasida bir qator kamchiliklar mavjud. Bugun Ozoda Jo'rayeva hududda bo'lib, mavjud vaziyatni o'rgandi. Jarayonda tomdan chakka o'tish, yerto'laning sanitar talablarga javob bermasligi hamda kirish yo'laklaridagi elektr shitlar xavfsizlik qoidalariga tayanmagan holda ekspluatatsiya qilinayotganligi aniqlandi.
Shu bilan birga uyning umumfoydalanish qismlariga mulkdorlar tomonidan turli keraksiz buyumlar qo’yilgan, bu esa tartib va xavfsizlik nuqtai nazaridan bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.
- Yangi qurilgan uylarni ekspluatatsiya qilishdagi eng katta muammo ularni hali yangi, alohida e'tibor shart emas, deb hisoblashimizda. Aksincha, mavjud qulaylik va imkoniyat u to'g'ri saqlangandagina uzoq vaqt xizmat qiladi. Qurilganiga ko'p bo'lmagan uylarga xizmat ko'rsatuvchi boshqaruv organlari ham faqat tozalik bilan cheklanib qolmay, aholi xavfsizligi oldidagi mas'uliyatni chuqur anglashi shart,- dedi O.Jo'rayeva
“Sohilbo’yi management servis” boshqaruv oragani tomonidan yo'l qo'yilgan kamchiliklar keskin tanqid qilinib, ularni tezkorlik bilan bartaraf etish bo'yicha topshiriqlar belgilandi. 3 kun muddatda tom, yerto'ladagi nosozliklarga yechim topish hamda tartibsizliklarni oldini olish lozimligi qayd etildi. Mazkur holat shaxsan vazir o'rinbosari nazoratida turishi alohida ta'kidlandi.
Shu bilan birga aholi orasida kommunal madaniyatni oshirish, o’z mulkiga nisbatan hurmat va e’tiborni kuchaytirish lozimligiga urg’u berildi. Bu bo’yicha targ’ibot ishlarini kuchaytirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar berildi.



