Qurilish sohasida raqamlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurash choralari sarhisob qilindi
2026-01-07 15:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Tadbir davomida vazirlik faoliyatida raqamlashtirish orqali ochiqlikni ta’minlash va inson omilini qisqartirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Xususan, vazirlik tizimi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablariga muvofiq deb topilgani, shuningdek, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi samaradorligi 2024-yilda 71 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yil yakunida ushbu ko‘rsatkich 86 ballga yetgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimi Jasur Fayziyev tomonidan 2025-yil davomida sohada profilaktik va ma’rifiy ishlar doirasida 136 ta seminar-trening o‘tkazilgani, 491 nafar xodim Korrupsiyaga qarshi kurashish virtual akademiyasida o‘qitilgani ma’lum qilindi. 2026-yilda esa yana 1700 nafar xodimni qamrab olish rejalashtirilgani qayd etildi.
Raqamli yechimlar orqali shaffoflikni ta’minlash yo‘nalishida Davlat shaharsozlik geoaxborot tizimini joriy etish ishlari izchil davom etayotgani alohida ta’kidlandi. Aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlari GAT formatida ishlab chiqilib, ularning “raqamli egizaklari” yaratilmoqda. Bugungi kunga qadar jami 882 ta hudud, jumladan, 24 ta shahar, 58 ta shaharcha va 800 ta qishloqning bosh rejalari shaharsozlik geoaxborot tizimiga yuklandi.
Mazkur tizim qurilish sohasida ruxsat berish jarayonlarini raqamlashtirishni jadallashtirish, murakkab byurokratik tartiblarni soddalashtirish hamda qaror qabul qilishda ochiqlikni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ucharashuv davomida qurilishda nazorat mexanizmlari, reyting tizimi hamda kommunal sohada aholi murojaatlari bilan ishlash masalalari yuzasidan savol-javoblar bo’lib o’tdi.
Mazkur tadbir davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, jamoatchilik hamda qonunchilik hokimiyati vakillarini sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida o‘tkazildi.




