“Shaffof qurilish” tizimi orqali 24 ta davlat xizmati to‘liq raqamlashtirildi
2026-01-07 13:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Tadbirning amaliy qismi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish Respublika markazi faoliyati bilan tanishishdan boshlandi. Ishtirokchilarga “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimining imkoniyatlari keng namoyish etildi.
Qayd etilishicha, bugungi kunda mazkur tizim doirasida 24 ta davlat xizmati to‘liq raqamlashtirilgan bo‘lib, undan foydalanuvchilar soni 2,2 million nafarga yetgan. Xususan, litsenziyalash, ruxsatnoma berish hamda loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayonlari inson omilisiz, to‘liq elektron shaklda amalga oshirilmoqda. Shuningdek, tizim Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sud va Kadastr agentligining axborot tizimlari bilan integratsiya qilingani natijasida ma’lumotlar almashinuvi tezlashgan va korrupsiyaviy xavf-xatarlar sezilarli darajada kamaytirilgan.
Taqdimot davomida qurilish sohasida elektron davlat xaridlarini o‘tkazish platformasi haqida ham batafsil ma’lumot berildi. Ta’kidlanganidek, mazkur platforma orqali jami 66,3 trillion so‘mlik tenderlar o‘tkazilib, 3,27 trillion so‘m mablag‘ tejalgan. Shuningdek, “Mening uyim” billing tizimi taqdim etilib, bugungi kunda ushbu tizimga 42 410 ta ko‘p xonadonli uy kiritilgani, abonentlar soni esa 1,5 million nafarga yetgani ma’lum qilindi. Tizim orqali aholi tomonidan 1 trillion so‘mdan ortiq majburiy badallar to‘langan.
Ekskursiya jarayonida vazirlikda joriy etilgan “Open space” ish tizimi bilan ham tanishtirildi. Ushbu ish uslubi qaror qabul qilish jarayonlarining ochiqligini ta’minlash, tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jamoaviy ishlash muhitini shakllantirish hamda xodimlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.





