Vazirlik ISO 37001:2016 xalqaro standartiga yana bir bor muvofiq deb topildi
2025-12-22 17:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar izchil davom etmoqda. Davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik, xolislik va mas’uliyatni ta’minlash maqsadida iqtisodiyotning barcha sohalarida xalqaro standartlarga mos zamonaviy tizimlar joriy etilmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi “CERT International” xalqaro jamiyati tomonidan o‘tkazilgan audit natijalariga ko‘ra korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi nufuzli ISO 37001:2016 xalqaro standarti sertifikatiga yana bir bor ega bo‘ldi. Bu esa vazirlik faoliyatida shaffoflik va halollik tamoyillari ustuvor ekanini tasdiqlaydi.
Bugun mazkur sertifikatni topshirishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda “CERT International” xalqaro jamiyati rahbari Riad Ibragimov, vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva hamda vazirlik xodimlari ishtirok etdilar.
- Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat nazorat emas, balki boshqaruv madaniyatining ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Vazirlikda xalqaro standartlarga mos tizim joriy etilgani xodimlar mas’uliyatini oshirish, qarorlar qabul qilishda shaffoflikni ta’minlash va korrupsiya xavflarini oldindan aniqlash imkonini bermoqda. Ushbu sertifikat esa amalga oshirilayotgan islohotlarimiz to‘g‘ri yo‘nalishda ekanini ko'rsatadi, - dedi Ozoda Jo'rayeva.
Qayd etish lozim, sohada korrupsiya xavflarini kamaytirish, ochiq va adolatli boshqaruv muhitini yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qiladi.



