Endilikda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash bo‘yicha ishlar yanada kuchaytiriladi
2025-12-04 09:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Endilikda bino va inshootlarning zilzilabardoshligini taʼminlash bo‘yicha ishlar yanada kuchaytiriladi.
Davlatimiz rahbarining “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Unga ko‘ra, noqonuniy qurilishlarning oldini olish, ularni erta aniqlash va bartaraf etish mexanizmlari takomillashtiriladi.
Bu orqali endi qurilish-pudrat tashkilotlarining obyektlar qurilishida zilzilabardoshlikni taʼminlash bo‘yicha javobgarligi kuchaytirilmoqda.
2026-yil 1-yanvardan eʼtiboran 2 va undan yuqori qavatli barcha ko‘p kvartirali uy-joylarni instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkazishga ixtisoslashgan loyiha tashkilotlarining ro‘yxati shakllantiriladi va “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimida ularning reytingi yuritib boriladi.
“Shaffof qurilish” MATda instrumental-texnik tekshiruv xulosalari asosida bino va inshootlarning texnik holati monitoring qilinadi. Instrumental-texnik tekshiruv xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyotini tugatish hamda ushbu xulosalar faqat ijobiy bo‘lgan taqdirda, ko‘p kvartirali uy-joylardan kelgusida foydalanishga ruxsat beriladi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralarni taʼminlash bo‘yicha maxsus texnik shartlar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish faqatgina “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi tomonidan amalga oshiriladi.
Obyektlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha ilmiy hamda loyiha hujjatlarining smeta qismidan tashqari shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi.
Qurilishi boshlangan ko‘p kvartirali uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish, balandligini oshirish uchun shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli arxitektura-shaharsozlik kengashlari tomonidan ko‘rib chiqish, ekspertizadan va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlanadi.
Shuningdek, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlari narxlari har yil uchun alohida belgilab boriladi.
