Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida 11 oylik faoliyat yakunlari bo‘yicha kengaytirilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi
2025-12-03 11:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida 11 oylik faoliyat yakunlari bo‘yicha kengaytirilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish o‘tkazildi.
Kuni kecha boshqarmaning katta majlislar zalida joriy yilning 11 oyi yakunlari bo‘yicha kengaytirilgan tanqidiy-tahliliy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik departamenti xodimi Dadaxon Bozorov, bosh boshqarma apparati xodimlari, tuman va shahar bo‘limlari mas’ullari, shuningdek, boshqaruv organlari — boshqaruv servis kompaniyalari (BSK) hamda uy-joy mulkdorlari shirkatlari (UJMSH) rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishni bosh boshqarma boshlig‘i Bahodir Negmatov olib bordi.
Dastlab soha yo‘nalishlari bo‘yicha boshqarma o‘rinbosarlari hamda bo‘lim boshliqlarining hisobotlari tinglandi. Unda ko‘p qavatli uylarda kommunal xizmatlar ko‘rsatish holati, boshqaruv organlarining tun-u kun dispetcherlik xizmati faoliyati, mavsumiy tayyorgarlik ishlari, majburiy badal to‘lovlari bo‘yicha yuzaga kelgan debitor qarzdorlik masalalari batafsil muhokama qilindi. Shuningdek, kelgusi davr uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish davomida tuman va shaharlarda tashkil etilishi rejalashtirilgan namunaviy “ijtimoiy ko‘chalar” bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, qurilish jarayonlarini shaharsozlik hujjatlari asosida to‘liq rasmiylashtirish hamda belgilangan tartibda va muddatlarda ijro etilishini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, hududlarda o‘zboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy obyektlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘rish muhokama etildi. Mazkur yo‘nalishda Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 28-martdagi 192-sonli qarori asosida tuman va shahar bo‘limlari xodimlari tomonidan maxsus planshetlar orqali qurilish jarayonlarini joyidan turib onlayn monitoring qilish, aniqlangan qonunbuzarliklar bo‘yicha belgilangan tartibda zudlik bilan choralar ko‘rish mexanizmlari yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish yakunida ish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha mas’ullar ogohlantirildi. Kelgusida xatolarning takrorlanishi holatlarida ularga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi alohida ta’kidlandi.


