Aholi va tadbirkorlar murojaatlari e'tibor markazida
2026-08-03 19:55:00 / Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasining aholi va tadbirkorlar bilan sayyor qabuli tashkil etildi.
Tadbirda qo‘mita mas'ul vakili Husniddin Ismoilov, boshqarma boshlig‘i A. Jalilov, Respublika Savdoni rivojlantirish kompaniyasi vakillari hamda eksportyor tadbirkorlar ishtirok etdi.
Sayyor qabul avvalida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlar, subsidiya va moliyaviy ko‘mak mexanizmlari yuzasidan batafsil ma'lumot berildi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob qaytarildi.
Ochiq muloqot davomida eksport faoliyati, fitosanitariya xizmatlari, ruxsat berish tartiblari hamda tadbirkorlik faoliyatida uchrayotgan muammo va takliflar tinglandi. Har bir murojaat yuzasidan mas'ullar tomonidan tegishli tushuntirishlar berilib, amaliy yechimlar belgilandi.
Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan murojaatlar mas'ul tashkilotlarga yo‘naltirildi, respublika darajasida hal etilishi lozim bo‘lgan takliflar esa tegishli tartibda rahbariyatga kiritilishi qayd etildi.
Bunday sayyor qabullar aholi va tadbirkorlarning murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, ularning muammolariga amaliy yechim topish hamda davlat organlari va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.









