Agentlik haqida
O‘simliklar karantini va himoyasi agentiligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 15-iyuldagi “Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-6262-son Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-5185-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida tashkil etilgan.
O‘tgan davr mobaynida tashkilot yo‘nalishi kengaydi va yangi vazifalar yuklandi. Bugungi kunda Agentlik o‘simliklar karantini, himoyasi va agrokimyo sohalarida yagona davlat siyosati va nazoratini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Agentlik tarkibiga
Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy boshqarmalar;
O‘simliklar karantini va himoyasi ilmiy-tadqiqot instituti;
Respublika agrokimyoviy tahlil markazi;
“Biosifat” respublika markazi;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlar Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmatlari kiradi.
Agentlik o‘ziga yuklangan vazifalarga muvofiq
- mamlakatimiz uchun o‘simliklar karantinida bo‘lgan zararli organizmlar, chetdan kiritilishi mumkin bo‘lmagan ekish materiallari, o‘simliklar karantini ostidagi, mahsulotlar, respublikamiz hududidan olib chiqilishi mumkin bo‘lmagan o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar ro‘yxatini tasdiqlaydi;
- o‘simliklar karantini va himoyasi sohasidagi xalqaro konvensiyalar va boshqa davlatlar bilan tuzilgan shartnomalardan kelib chiqadigan tadbirlar amalga oshirilishiga mas’ul;
- fitosanitar sertifikati va karantin ruxsatnomasini beradi;
- o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlar turlari, urug‘liklar, o‘simliklar, o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni karantin tekshiruvini hamda laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazadi;
- urug‘liklar, o‘simliklar, o‘simlik xom ashyosi, boshqa o‘simlik mahsulotlari va xalq iste’mol tovarlarini mamlakat ichida tashish, eksport qilish uchun olib chiqishning karantin qoidalari hamda ulardan foydalanish shartlarini tasdiqlaydi;
- karantin o‘rnatish (uni bekor qilish) to‘g‘risida taqdimnomalar kiritadi;
- o‘simlik mahsulotlari va boshqa materiallarni sog‘lomlashtirishni tashkil etadi;
- pestitsidlarni zararsizlantirish tartibini, shuningdek, maxsus saqlash muassasalarini tegishli holatda saqlash shartlarini belgilaydi;
- fitosanitariya tadbirlarni amalga oshirish tartibi, uslublari va tavsiyalarini tasdiqlaydi;
- mineral o‘g‘itlarga qo‘yiladigan ilmiy talablarni va ularni qishloq xo‘jalik ekinlariga tatbiq etishni tasdiqlaydi;
- eksport bozorlari uchun organik va an’anaviy qishloq xo‘jaligida ruxsat etilgan o‘simliklarni himoya qilish vositalari va o‘g‘itlarni belgilaydi;
- respublika hududida sezilarli iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan zararli organizmlarning fitosanitariya xavfini tahlil qiladi va ular kirib kelishining oldini olishga qaratilgan ilmiy asoslangan fitosanitariya tadbirlarini ishlab chiqadi;
- o‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalar tizimini rivojlantiradi hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
- zararli organizmlarga qarshi kurashning biologik usulini keng qo‘llash choralarini ko‘radi;
- o‘simliklarni himoya qilish vositalari (pestitsidlar) importiga, shuningdek, o‘simliklarni himoya qilish vositalari (pestitsidlar), mineral o‘g‘itlarning ulgurji va chakana savdosiga litsenziyalar beradi;
- pestitsidlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va pestitsidlar uchun ro‘yxatga olish guvohnomalarini berishni amalga oshiradi;
- qishloq xo‘jaligida foydalanishga ruxsat etilgan zararkunandalarga qarshi kimyoviy va biologik vositalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlar, defoliantlar hamda o‘simliklarni o‘sish regulyatorlari ro‘yxatini yuritadi va e’lon qilib boradi;
- iste’dodli yosh olimlar, magistrlar, doktarantlarning o‘simliklar karantini bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlariga rahbarlik qiladi;
- respublika hududida mavjud bo‘lmagan va cheklangan darajada tarqalgan zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari hamda begona o‘tlarning turlari va bioekologiyasini o‘rganadi;
- xalqaro tashkilotlarda o‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha respublika manfaatlarini ifoda etadi;
- xorijiy davlatlarning vakolatli idoralari bilan o‘simliklar karantini va fitosanitariya xavfsizligi to‘g‘risida zarur axborotlarni almashadi;
- import bo‘lgan yoki tranzit tarzida olib o‘tiladigan o‘simlik mahsulotlari milliy fitosanitariya talablariga mos kelmasa xalqaro standartlarga muvofiq choralar ko‘radi va bu haqida tegishli xorijiy davlat karantin xizmatini xabardor qiladi;
- xorijiy davlatlarning o‘simliklar karantini ostidagi mahsulotlarga qo‘yiladigan talablar va cheklovlar to‘g‘risida xabardor qiladi.
